
AQSH prezidenti Donald Trampning yadroviy sinovlarni qayta boshlash haqidagi bayonoti dunyo jamoatchiligi orasida jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi. Bu harakat nafaqat xalqaro xavfsizlikka tahdid sifatida baholanmoqda, balki uning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritishga bo‘lgan niyatiga ham putur yetkazishi mumkin, deb yozadi The Washington Post.
Nashrning ma’lumoticha, Tramp Pentagonga Rossiya va Xitoy bilan “teng sharoitda” yadroviy qurol sinovlarini boshlash haqida topshiriq bergan. Bu qaror, tahlilchilar fikricha, uning Xitoy rahbari Si Jinping bilan bo‘ladigan savdo muzokaralari oldidan harbiy qudratni namoyish etishga urinishi bo‘lgan. Shu bilan birga, bu harakat AQSHning ko‘p yillik yadroviy siyosatini keskin o‘zgartirishi va global muvozanatga ta’sir qilishi ehtimolini kuchaytiradi.
Maqolada ta’kidlanishicha, yadroviy sinovlarni qayta boshlash g‘oyasi AQSHning tinchlik yo‘lidagi imijiga jiddiy soya soladi. Qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha ekspertlar ham Trampning bayonotini xavfli va asossiz deb baholashdi.
Qurol-yarog‘ nazorati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Deril Kimballning so‘zlariga ko‘ra, AQSH yadroviy portlash sinovlarini qayta boshlash uchun hech qanday texnik yoki harbiy ehtiyojga ega emas. “Bu qaror siyosiy namoyishdan boshqa narsa emas. Milliy yadroviy xavfsizlik boshqarmasi bu ishni amalga oshirishga hozir emas — bunday sinovlarni qayta boshlash uchun kamida 36 oy talab qilinadi”, dedi u.
Uning aytishicha, agentlik xodimlarining katta qismi hozir “shatdaun” sababli haq to‘lanmaydigan ta’tilda bo‘lgani uchun bu g‘oya amalga oshishi real emas.
Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi tadqiqotchisi Tun Chjao esa bu bayonot Pekinni ham yadroviy dasturni jadallashtirishga undashi mumkinligini ta’kidladi. “Agar Vashington yangi texnologiyalar ustida ish boshlasa, Pekin ham bu yo‘ldan yurishi ehtimoli katta”, dedi u.
Tramp 30-oktyabr kuni yadroviy sinovlarni tez orada boshlashini ma’lum qilgan. Uning fikricha, AQSH boshqa yadroviy davlatlar kabi o‘z arsenalini tekshirib borish huquqiga ega. Bu esa xalqaro maydonda yangi qurollanish poygasi xavfini kuchaytiradi.
Bu bayonotga javoban Kreml ham rasmiy munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlashicha, Rossiyada o‘tkazilgan “Burevestnik” va “Poseydon” raketalari sinovlari yadroviy portlashlarni o‘z ichiga olmagan va xalqaro shartnomalarni buzmagan. “Umid qilamizki, bu ma’lumot prezident Trampga to‘g‘ri yetkazilgan”, dedi u.
Tahlilchilarning fikricha, Trampning yadroviy sinovlar haqidagi bayonoti uning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Nobel tinchlik mukofotiga da’vogarlik qilayotgan siyosatchi uchun bu qaror nafaqat diplomatik nuqtayi nazardan, balki ichki siyosiy maydonda ham ziddiyatli qadam bo‘lib ko‘rilayotir.
Shu tariqa, Vashingtondagi yadroviy siyosat atrofidagi tortishuvlar yanada kuchaymoqda. Ko‘plab ekspertlar AQSH yadroviy sinovlarni qayta boshlasa, bu nafaqat global barqarorlikni, balki dunyodagi tinchlikni ham jiddiy xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 