
Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Geografiya instituti mutaxassislariga ko‘ra, Kaspiy dengizida kuzatilayotgan suv sathining pasayishi vaqtinchalik holat emas. Aksincha, bu mintaqaning kelajakdagi geografik qiyofasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli geodinamik jarayonlarning bir bo‘lagi hisoblanadi. Bu haqda Minval axborot portali xabar berdi.
Olimlar suvning chekinishiga asosiy omil sifatida faol tektonik jarayonlarni ko‘rsatib, Kaspiy dengizining o‘zi katta geologik o‘zgarishlar zonasida joylashganini ta’kidlamoqda.
Ularning ta’kidlashicha, Kavkaz tog‘lari hanuz o‘sishda davom etayotgani bois, dengiz atrofidagi tektonik faollik kuchaymoqda va aynan shu jarayon suvning yildan yilga ortga chekinishiga sabab bo‘layapti.
Institut ilmiy xodimi Mirnux Ismoilov bu haqda shunday deydi:
«Kaspiy faol tektonik mintaqada joylashgan. Kavkazda tog‘ xosil bo‘lish jarayoni tugallanmagani uchun suv sathi pasayishni davom ettirmoqda. Bunday jarayonlar esa juda uzoq davom etadi», — deydi u.
Mutaxassisning fikricha, agar hozirgi dinamika saqlanib qolsa, kelajakda Kaspiy dengizi ikkita alohida suv tizimiga ajralib ketishi ehtimoldan xoli emas:
- shimolda — Darband botig‘i,
- janubda — Lyankaran botig‘i.
Ushbu bo‘linish tez sodir bo‘ladigan jarayon emas, ammo ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, uzoq muddatli istiqbolda deyarli muqarrar.
Institutning yana bir xodimi Elnur Jafarov esa suv sathi shunchalik pasayishi mumkinligini ta’kidlaydiki, dengiz qirg‘oq chizig‘idan 30 kilometrdan yanada orqaga chekinishi ehtimoli bor.
Mutaxassislar fikricha, agar bu jarayon davom etsa, Kaspiy atrofidagi ekologik muhit, bandlik va iqtisodiy faoliyatga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.