To‘lov o‘tmadi: xaridor 9 ming dollarlik vinolarni sindirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Braziliyada bank kartasi rad etilgan 29 yoshli erkak 9 ming dollarlik vinolarni sindirib, janjal ko'tardi.
- Uning bu harakatlari natijasida supermarketga 60 ming Braziliya reali miqdorida zarar yetkazilgan.
- Erkak politsiyaga taslim bo'lgan va psixotik holatda bo'lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Braziliyada 29 yoshli erkak bank kartasidagi to‘lov rad etilganidan so‘ng supermarketda qariyb 9 ming funt sterlinglik vino shishalarini sindirdi. Bu haqda Need To Know xabar berdi.
Hodisa 14 sentyabr kuni Durado shahrida sodir bo‘lgan. Kuzatuv kamerasi tasvirlarida erkak mototsikl shlemi bilan vino shishalarini olib, polga uloqtirayotgani aks etgan. Oqibatda do‘konda qizil vino va singan shisha bo‘laklari sochilib ketgan.
Supermarket rahbari Aparesido Donizete Ballanning aytishicha, erkak xarid uchun to‘lov qilmoqchi bo‘lganida kartasi rad etilgan va shundan keyin u janjal ko‘targan. Uning harakatlari natijasida 60 ming Braziliya reali (£8658) miqdorida zarar yetkazilgan.
Erkak supermarketga kirishidan oldin mototsiklni ag‘darib yuborgan, belgiga tepgan, shisha eshikka zarar yetkazgan hamda xodimlar va xaridorlarga tahdid qilgani aytilmoqda.
Taxminan ikki yarim daqiqa davom etgan harakatlaridan so‘ng u do‘konni tark etgan. Ko‘p o‘tmay voqea joyiga kelgan politsiya xodimlariga taslim bo‘lgan. U ushlanib, bayonot berganidan keyin qo‘yib yuborilgan.
Ballanning so‘zlariga ko‘ra, bu erkakni supermarketda ikkinchi marta ko‘rishi bo‘lgan. Avvalgi safar u do‘kon yonidagi daraxt ko‘chatini shikastlagani aytilgan.
Hodisani tergov qilayotgan detektiv Joau Fernandu Baptista erkak voqea vaqtida psixotik holatda bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Uning Duradoda avval ham turli hodisalarga aloqadorligi aytilgan, biroq jinoiy sudlanganlik holati mavjud emas.
Endi sud uning qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin yoki yo‘qligini aniqlaydi. Bundan tashqari, mutaxassislar uning voqea vaqtida o‘z harakatlarini anglash qobiliyatini ham baholaydi.






























Izohlar 0
…