Hibsdagi to‘yida 52 kilogramm oltin taqilgan kelin eriga qarshi ko‘rsatma berdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Chag‘li O‘z erining to‘yda taqilgan 52 kilogramm tilla buyumlar "ijaraga olingan" degan bayonotini rad etib, ularning sotib olinganini aytdi.
- U, shuningdek, to‘yda 43 million turk lirasi yig‘ilgani haqidagi ma’lumotni ham yolg‘on deb atadi.
- Chag‘li O‘z erini mavjud bo‘lmagan mablag‘larni ko‘rsatib, boyligini ko‘z-ko‘z qilishda aybladi.
- Hozirda prokuratura MASAK ma’lumotlari, bank operatsiyalari va boshqa moliyaviy harakatlarni o‘rganishda davom etmoqda.
“Vanlik Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan Mehmet Fotih Tanchalanning rafiqasi Chag‘li O‘z Tanchalan prokuraturada bergan ko‘rsatmalari ma’lum bo‘ldi. U erining to‘ydagi taqinchoqlari “ijaraga olingan edi” degan bayonotini rad etib, tilla buyumlar aslida sotib olinganini aytdi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Chag‘li O‘zning aytishicha, to‘yda 43 million turk lirasi miqdorida taqinchoq va pul yig‘ilgani haqidagi ma’lumot ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. U MASAK hisobotlaridagi pul harakatlari va qimmatbaho avtomobillarning qayta rasmiylashtirilishi yuzasidan ham tushuntirish berib, erini mavjud bo‘lmagan mablag‘larni bordek ko‘rsatib, boyligini ko‘z-ko‘z qilishda ayblagan.
Taqinchoqlar ijaraga olinganmi?
Chag‘li O‘z erining tilla buyumlar ijaraga olingani haqidagi ko‘rsatmasini rad etib, ular sotib olinganini bildirishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘yda taqilgan barcha tilla buyumlar kecha yakunida Mehmet Fotih Tanchalan tomonidan olib ketilgan.
Keyinchalik ushbu taqinchoqlar Muradiyeda huquq-tartibot xodimlari o‘tkazgan tintuv vaqtida o‘tinxonadagi chamadondan topilgan. Chag‘li O‘z ayrim bilaguzuklarning soxta ekanini esa keyinchalik yangiliklar orqali bilgan.
Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, unashtiruv marosimida unga marjon va ikkita bilaguzuk taqilgan, toj hamda belbog‘ esa zargardan vaqtincha olingan. Marjon va bilaguzuklarni keyinchalik Mehmet Fotih Tanchalan va uning oilasi sotib olgan. Mazkur taqinchoqlar to‘yda ham kelinning o‘ziga taqilgan.
Chag‘li O‘z eriga nega shuncha ko‘p tilla borligini so‘raganida, u “Bu qabila hududi, to‘ylarda hamma shuncha tilla taqadi”, deb javob berganini aytdi.
43 million lira haqidagi e’lon
Chag‘li O‘zning aytishicha, 6 sentyabr kuni Van shahrida o‘tkazilgan to‘yni eri tashkillashtirgan, ammo xarajatlar qaysi mablag‘ hisobidan qoplanganini bilmagan.
To‘yda “Haydar Beyning to‘yiga kelgan sovg‘alar, taqinchoqlar va IBAN orqali tushgan pullar bilan birga 43 million lira” yig‘ilgani haqida e’lon qilingan. Biroq Chag‘li O‘z bunday miqdorda pul yig‘ilganidan xabarsiz bo‘lganini, e’lon qilingan ismlarning aksariyati to‘qib chiqarilganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, erining ko‘rsatmasi bilan to‘yda aslida olinmagan pullar haqida ham e’lon qilingan. Chag‘li O‘z bu orqali eri odamlarga katta miqdorda pul kelganini ko‘rsatishga uringanini bildirdi.
Bank operatsiyalari ham tekshirilmoqda
MASAK tekshiruvlarida aniqlangan pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham Chag‘li O‘zdan tushuntirish olingan. U eri bilan o‘rtasidagi qariyb 1,5 million liralik pul harakatlarini qarz oldi-berdisi bilan izohlagan.
Shuningdek, u onasiga 221 ta operatsiya orqali qariyb 5,2 million lira yuborganini, bu mablag‘lar onasining ehtiyojlari, ijara va kundalik xarajatlari uchun berilganini aytgan.
Onasidan esa 303 ta operatsiya orqali qariyb 6 million 69 ming lira kelgan. Chag‘li O‘z bu pullar avval jamg‘arib turish uchun onasiga berilgan mablag‘lar ekani va keyin zarurat tug‘ilganda qaytarib olinganini bildirgan.
Mehmet Fotih Tanchalanning jiyani Muhammed Sait Tanchalanning hisob raqamidagi pul harakatlariga ham izoh berilgan. Chag‘li O‘zning aytishicha, eri aliment bo‘yicha sud ishi sababli o‘z hisob raqamlaridan foydalana olmagani uchun ayrim hollarda jiyanining hisobidan foydalangan.
MASAK ma’lumotlarida ushbu hisob raqam orqali 11 ta operatsiyada 644 ming liralik pul harakati aniqlangan.
Qimmatbaho avtomobillar masalasi
Oila a’zolari o‘rtasida qimmatbaho avtomobillarning qayta-qayta rasmiylashtirilishi ham tergovda o‘rganilmoqda. MASAK bunday harakatlarni mol-mulk manbasini yashirish, moliyaviy kuzatuvni qiyinlashtirish va ehtimoliy xatlov choralarini chetlab o‘tishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan “qatlamlash” jarayoni sifatida baholagan.
Mehmet Fotih Tanchalan esa buni rad etib, avtomobillar maxsus davlat raqamlarini yangi mashinaga o‘tkazish uchun qisqa muddatga oila a’zolari nomiga rasmiylashtirilganini aytgan. U bu harakatlarning pullarni legallashtirishga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.
O‘z nomidagi qimmatbaho avtomobilni esa tijoriy faoliyatidan olgan daromadlari hisobidan sotib olganini bildirgan.
Daromad va turmush tarzi o‘rtasidagi tafovut
MASAK hisobotida Tanchalanning 2020 yildan buyon deklaratsiya qilgan qariyb 1,1 million liralik foydasi bilan namoyish etgan turmush tarzi o‘rtasida nomuvofiqlik borligi qayd etilgan.
Chag‘li O‘z esa ijtimoiy tarmoqlar va savdo faoliyatidan daromad olganini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, faqat so‘nggi 3 oyda kosmetika mahsulotlarini reklama qilish orqali Trendyol platformasidan 2,5 million lira daromad qilgan. Bu daromadlar bo‘yicha hisob-faktura rasmiylashtirilganini ham ta’kidlagan.
Tanchalan MASAK hisobotida xatolik bo‘lishi mumkinligini bildirib, soliq yoki tijoriy deklaratsiyalarida kamchilik aniqlansa, ularni to‘ldirishga tayyor ekanini aytgan.
Shu bilan birga, Chag‘li O‘z o‘zining noqonuniy mablag‘larga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, eri ijtimoiy tarmoqlarda mavjud bo‘lmagan mablag‘ni bordek ko‘rsatgan va dabdabali hayot tarzini ba’zan qarz olish hisobiga davom ettirgan.
Van Respublika Bosh prokuraturasi hozirda MASAK ma’lumotlari, bank operatsiyalari, qimmatbaho avtomobillarning qayta rasmiylashtirilishi, to‘yda taqilgan tilla buyumlar hamda gumonlanuvchilar va ularning yaqinlari o‘rtasidagi pul harakatlarini o‘rganishda davom etmoqda.






























Izohlar 0
…