Eronda vaqtinchalik oliy rahbar tayinlandi

Alirizo Arafiy Eron rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib belgilandi. Reuters xabarida aytilishicha, u boshqaruv kengashi a’zosi sifatida tayinlangan.
67 yoshli Arafiyga vaqtincha oliy rahbar vakolatlarini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. U prezident Mas’ud Pezeshkiyon va Oliy sud raisi Golamhossein Mohseni Ejei bilan birga kengash tarkibiga kirgan.
Manbalarga ko‘ra, Arafiy davlat idoralarida katta tajribaga ega ruhoniy hisoblanadi. Shuningdek, u Ali Xomanaiyning ishonchli vakillaridan biri sifatida tilga olinadi.
Tayinlovga qadar Alirizo Arafiy Ekspertlar assambleyasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. U, shuningdek, nufuzli Posbonlar kengashida ham a’zo sifatida faoliyat yuritgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, u Erondagi diniy ta’lim muassasalari tizimiga rahbarlik qilgan. Xabarlarda aytilganidek, o‘tish davrida mamlakatni vaqtinchalik rahbariyat kengashi boshqarishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tilishicha, bugun rasman avvalgi rahbar Ali Xomanaiyning halok bo‘lgani tasdiqlangan. Shu munosabat bilan Eronda vaqtinchalik boshqaruv mexanizmi ishga tushirilgani bildirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!