Isroildagi hujumlarda o‘zbekistonliklar jabrlandimi?

O‘zbekistonning Isroildagi Elchixonasi 2026 yil 4 mart holatiga ko‘ra, Isroil hududiga amalga oshirilgan raketa hujumlari oqibatida jabr ko‘rgan O‘zbekiston fuqarolari haqida murojaatlar kelib tushmaganini ma’lum qildi. Bu haqda diplomatik idora matbuot xizmati axborot bergan.
Rasmiy xabarda aytilishicha, Elchixona vaziyatni doimiy ravishda diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shuningdek, diplomatik missiya xodimlari Isroilning tegishli davlat organlari vakillari bilan uzluksiz aloqada ekani qayd etilgan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevraldan buyon "Ishonch telefoni" va elektron pochta manziliga Isroil hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan turli konsullik masalalari hamda ma’lumot olish yuzasidan qo‘ng‘iroq va murojaatlar kelib tushgan.
Shu bilan birga, xavfsizlik vaziyati keskinlashganini inobatga olgan holda, Elchixona vatandoshlarga konsullik bo‘limiga faqat jiddiy va zarur ehtiyoj bo‘lgan taqdirdagina murojaat qilishni tavsiya etgan. Zaruratsiz hollarda konsullikka kelishdan tiyilib turish so‘ralgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!