Eron nefti oqimi to‘xtamadi: kunlik daromad 140 million

Eron neft eksportidan olinayotgan daromad hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu haqda Financial Times nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron kuniga taxminan 140 million dollar miqdorida neft sotish orqali daromad olmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim moliyaviy manba bo‘lib qolmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, urush boshlanganiga qaramay, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft eksport qilishni to‘xtatmagan. Ayni paytda kuniga o‘rtacha 1,5–1,6 million barrel neft tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, ushbu holatda AQSH ham ma’lum ma’noda manfaatdor bo‘lishi mumkin. Chunki global neft bozorida taqchillik yuzaga kelmasligi uchun Vashington mazkur yuk tashishlarga amalda to‘sqinlik qilmayapti. Bu esa jahon bozorida narxlarni barqaror ushlab turishga xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, Eron neftining asosiy xaridori Xitoy hisoblanadi. Neft asosan shu mamlakatga yo‘naltirilayotgani qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, Isroil va AQSH tomonidan amalga oshirilayotgan zarbalarga qaramasdan, neft tashuvchi tankerlar Xarg orolida yuk ortish jarayonlarini davom ettirmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi holat Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat qanchalik keskin bo‘lmasin, iqtisodiy manfaatlar va energetika bozori omillari hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!