G‘olibaf: Hormuz bo‘g‘ozi endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi

Eron rasmiylari mintaqadagi vaziyat tobora keskinlashib borayotgani haqida navbatdagi keskin bayonot bilan chiqdi. Xususan, Eron Parlamenti spikeri Muhammad Bager G‘olibaf Hormuz bo‘g‘ozi taqdiri bo‘yicha muhim fikrlarni ilgari surdi.
Uning ta’kidlashicha, AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan harbiy harakatlardan so‘ng, Hormuz bo‘g‘ozi avvalgi tartibda faoliyat yurita olmaydi.
“Hormuz bo‘g‘ozi endi avvalgidek ishlamaydi. Bugun u amalda yopiq holatda. Bu bizning rejamizda yo‘q edi, biroq mavjud sharoit shu natijaga olib keldi”, — dedi G‘olibaf.
U shuningdek, mazkur strategik yo‘lakning kelajagi haqida ham keskin fikr bildirib, uning avvalgi holatiga qaytishi amrimahol ekanini ta’kidladi.
“Hormuz bo‘g‘ozi hech qachon avvalgi holatiga qaytmaydi. Chunki AQSH va sionist rejim mavjud bo‘lgan sharoitda bu yerda xavfsizlikni ta’minlash mumkin emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Tahlilchilar fikricha, bu kabi bayonotlar nafaqat siyosiy signal, balki global energetika bozoriga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki Hormuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim neft tranzit yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar qayd etishicha, agar mazkur yo‘lakda harakatlar cheklansa yoki to‘liq to‘xtatilsa, bu jahon neft narxlarining keskin o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, mintaqadagi har qanday o‘zgarish xalqaro iqtisodga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!