Tramp: Kuba bo‘yicha qaror yaqin, vaziyat keskin

AQSH prezidenti Donald Tramp Kubadagi vaziyat yuzasidan navbatdagi bayonot bilan chiqdi. Uning aytishicha, orol davlatidagi holat ancha og‘ir bo‘lib, bu masala bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
“Kuba hozir juda yomon ahvolda. Ular Marko bilan muzokaralar olib bormoqda. Kuba masalasida tez orada bir qarorga kelamiz”, — dedi Tramp.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Yaqin Sharqda, xususan, Eron atrofidagi vaziyatda kutilgan natijalarga erishilmagani AQSH tashqi siyosatining boshqa yo‘nalishlarga e’tibor qaratishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, Fors ko‘rfazidagi murakkab holat Vashingtonni yangi geosiyosiy qadamlar izlashga majbur etayotgani aytilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ayrim kuzatuvchilar AQSH va Isroil uchun Eron bilan bog‘liq muammolarni hal etishda turli ssenariylar ko‘rib chiqilayotganini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, bu ssenariylar orasida Eron ichida siyosiy o‘zgarishlarga erishish yoki boshqa yo‘nalishlardagi keskin harakatlar orqali global kun tartibini o‘zgartirish kabi variantlar ham bor.
Ayniqsa, tahlilchilar fikricha, Kuba AQSH uchun strategik jihatdan qulay va harbiy operatsiya nuqtayi nazaridan nisbatan oson yo‘nalishlardan biri sifatida qaralishi mumkin. Bu esa mintaqada yangi geosiyosiy keskinlik ehtimolini oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, rasmiy doiralar bu kabi taxminlar yuzasidan hozircha aniq izoh bermagan. Ammo mutaxassislar jahon siyosiy maydonidagi bu kabi bayonotlar va harakatlar yaqin kelajakda yangi o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!