Tramp fikri: Eronda allaqachon "yangi rejim" paydo bo‘ldi

AQSH prezidenti Donald Tramp so‘nggi intervyularidan birida Erondagi siyosiy vaziyatga o‘z fikrlarini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, o‘tgan urush boshida va keyingi harbiy zarbalar natijasida Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominay va boshqa yuqori martabali mansabdorlar halok bo‘lgan, shu bois mamlakatda allaqachon «yangi rejim» shakllangan.
Trampning aytishicha, «hozir biz bilan ishlayotganlar butunlay boshqa shaxslar guruhi, ular professional va malakali». U, shuningdek, Ali Xominayning o‘g‘li Mujtaba Xominay haqida taxminlar bildirib, uning yo o‘lgan yoki og‘ir yaralanganini aytib o‘tdi. «O‘g‘li yoki o‘lgan, yo juda og‘ir ahvolda, biz u haqida hech narsa eshitmadik. U g‘oyib bo‘ldi», – dedi Tramp Financial Times‘ga bergan intervyusida.
Prezident keyinroq Vashingtonga uchish jarayonida ham jurnalistlarga ushbu fikrlarini takrorladi. Uning taʼkidlashicha, birinchi rejim yo‘q qilingan va vayron bo‘lgan, keyingi rahbarlar ham ko‘pchiligi halok bo‘lgan. Endi esa ular avval hech qachon aloqada bo‘lmagan shaxslar bilan hamkorlik qilmoqda. Shu bois Tramp «rejim o‘zgardi va bu guruh juda aqlli va malakali odamlardan iborat» degan xulosaga kelgan.
Eron rasmiylari va AQSH o‘rtasida so‘nggi haftalarda muzokaralar olib borilayotgani haqida ham xabarlar tarqalmoqda. Jurnalistlar maʼlum qilishicha, AQSH bilan muzokaralar Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof orqali olib borilayotgani aytilmoqda, ammo Eron tomoni bu xabarlarni rad qilgan.
Shu bilan birga, 30 mart kuni Pokiston tashqi ishlar vaziri Isʼhoq Dar Misr Saudiya Arabistoni va Turkiyadan kelgan hamkasblari bilan maslahatlashuvdan so‘ng, «yaqin kunlar ichida» Islomobodda AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida maʼlum qildi.
Umuman, Donald Tramp fikriga ko‘ra, Erondagi siyosiy manzara katta o‘zgarishlardan o‘tdi va yangi rahbarlar guruhi mamlakatning tashqi siyosat va ichki ishlarida muhim rol o‘ynaydi. Bu esa mintaqaviy hamkorlik va xalqaro munosabatlarda yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!