AQSH uchuvchisini qutqarish operatsiyasi haqida yana nimalar maʼlum? (video)

AQSH harbiy kuchlari tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi maxsus operatsiya jahon ommaviy axborot vositalari diqqat markaziga aylandi. Harbiy harakatlar jarayonida ikki samolyot yo‘qotilgan bo‘lsa-da, amerikalik uchuvchini qutqarish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, vaqtdan yutish maqsadida axborot maydonida uchuvchi go‘yoki allaqachon Eron kuchlari tomonidan aniqlangani va mamlakat ichkarisiga olib kirilgani haqida ataylab yolg‘on xabarlar tarqatilgan. Bu orqali haqiqiy qutqaruv harakatlarini yashirish va raqibni chalg‘itish rejalashtirilgan.
Razvedka maʼlumotlari tezkor tarzda Pentagon va Oq uyga yetkazildi. Shundan so‘ng harbiylar shoshilinch ravishda operatsiyani shakllantirib, evakuatsiya ishlarini boshlab yubordi.
Operatsiya davomida AQSH aviatsiyasi Eron konvoylariga zarbalar berdi. Bu harakatlar raqib kuchlarining uchuvchiga yetib borishini oldini olish maqsadida amalga oshirildi. Jarayonda qurolli to‘qnashuvlar ham kuzatildi.
Uchuvchi esa tog‘li hududda yashirinib, maxsus favqulodda signal chirog‘ini yoqqan holda qutqaruvchilar bilan aloqani uzmasdan turdi. Uning sabr-toqati va sovuqqonligi operatsiya muvaffaqiyatida muhim omil bo‘ldi.
Qutqaruv missiyasi oson kechmadi: AQSH tomoni ikki transport vositasini yo‘qotdi. Bazadagi texnik nosozliklar sabab ayrim uskunalar ishdan chiqqan va ularning raqib qo‘liga tushmasligi uchun samolyotlar portlatib yuborilgan.
Operatsiyani yakunlash maqsadida yana uchta samolyot jalb qilindi. Natijada qutqarilgan ekipaj aʼzosi maxsus kuchlar hamrohligida xavfsiz hududga olib chiqildi.
Qutqaruv jarayonining ilk kadrlari Loriston viloyatining Kuhdasht shahri yaqinidagi Kuh-e-Siyah tumanida tasvirga olingan. Maʼlum bo‘lishicha, urib tushirilgan F-15E ekipajining ikkinchi aʼzosi mahalliy aholi panohiga o‘tgan, ammo ko‘p o‘tmay mahalliy qurolli guruhlar tomonidan qurshab olingan.
Evakuatsiya uchun A-10C+ shturmovik samolyotlari hamda HH-60W CSAR vertolyotlari jalb etildi. Hujumchi samolyotlar raqib pozitsiyalariga aniq zarbalar berib, qutqaruv guruhlariga yo‘l ochdi. Shu tariqa uchuvchi asirga tushib qolish xavfidan oldin qutqarib olindi.
Pentagon ushbu operatsiyani zamonaviy tarixdagi eng murakkab maxsus missiyalardan biri sifatida baholadi. AQSH prezidenti Donald Tramp esa: “Biz amerikalik jangchini hech qachon yolg‘iz qoldirmaymiz”, — deya taʼkidladi.
Ushbu voqea zamonaviy harbiy operatsiyalarda axborot urushi, tezkor qaror qabul qilish va texnologiyalarning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!