Bo‘stonliqda 320 ming yillik noyob topilmalar aniqlandi

Bo‘stonliqda 320 ming yillik noyob topilmalar aniqlandi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Arkutsoy paleolit yodgorligida 320–280 ming yil avval shakllangan qatlamdan qadimgi insonlar tomonidan ishlov berilgan tosh buyumlar topildi. Agar mazkur sana laboratoriya tahlillari orqali tasdiqlansa, Arkutsoy O‘zbekistondagi eng qadimgi paleolit yodgorligi sifatida e’tirof etilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, noyob topilmalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Arxeologiya va etnografiya instituti mutaxassislarining qo‘shma tadqiqotlari davomida aniqlangan.

Arkutsoy yodgorligini maqsadli arxeologik o‘rganish ishlari 2024 yilda boshlangan. Hozirda qazishma va kuzatuv ishlari uchta alohida maydonda olib borilmoqda.

Tadqiqotlar jarayonida yodgorlikning birinchi, ikkinchi va uchinchi qadimiy ko‘milma tuproq qatlamlaridan inson tomonidan ishlov berilgan tosh artefaktlar topilgan. Bu esa qadimgi odamlar mazkur hududni turli davrlarda bir necha bosqichda o‘zlashtirganidan dalolat berishi mumkin.

Mutaxassislarning dastlabki geologik va paleoiqlimiy baholashlariga ko‘ra, uchinchi qatlam 320–280 ming yil avval shakllangan.

Qazish ishlari paytida tuproq yuzasida teshani yonida o‘lchov shkalasi turibdi.

Avvalgi izlanishlar davrida ham yodgorlikning 20 va 40 metr chuqurlikdagi qatlamlaridan ayrim tosh artefaktlar topilgan. Biroq ularning aniq stratigrafik holati yetarlicha hujjatlashtirilmagani sababli, topilmalarning qaysi davrga mansubligini ishonchli belgilash qiyin bo‘lgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, yangi topilmalar qadimgi insonlarning Markaziy Osiyo hududi bo‘ylab tarqalishi, shuningdek, ularning turli tabiiy va iqlimiy sharoitlarga moslashuv jarayonlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, lyoss va qadimiy tuproq qatlamlarini arxeologik topilmalar bilan birgalikda o‘rganish orqali qadimgi insonlar faoliyati, iqlim o‘zgarishlari va landshaft rivoji o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash mumkin.

Quruq va changli tuproq ustida kichik, kulrang-jigarrang tosh yotibdi.

Agar 320–280 ming yillik sana mustaqil laboratoriya tahlillari bilan tasdiqlansa, bu qadimgi insonlar Toshkent vohasi va hozirgi O‘zbekiston hududini bundan 320 ming yil avval ham o‘zlashtirganini ko‘rsatuvchi muhim ilmiy dalil bo‘ladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar