Ilk bor SI yordamida miyadagi o‘simta olib tashlandi

Ilk bor SI yordamida miyadagi o‘simta olib tashlandi

Buyuk Britaniyada dunyoda birinchi marta miya jarrohligi operatsiyasi sun’iy intellektning real vaqtdagi yordamida amalga oshirildi. Yangi texnologiya jarrohlarga operatsiya vaqtida muhim qon tomirlari va asablarni aniqroq ajratib, o‘smani xavfsizroq olib tashlashga yordam berdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, 48 yoshli Bedfordshirlik ikki farzand otasi Ris Xibbert London universitet kolleji shifoxonasida operatsiya qilingan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, o‘sma o‘z vaqtida olib tashlanmaganida, bemor ko‘rish qobiliyatidan ayrilishi mumkin edi.

Xibbertda gipofiz bezida 11 millimetrlik, saraton bo‘lmagan o‘sma aniqlangan. Miya asosida joylashgan bu bez o‘sish, modda almashinuvi, qon bosimi va tana haroratini tartibga soluvchi muhim gormonlarni ishlab chiqaradi.

Biroq o‘smaning joylashuvi operatsiyani murakkablashtirgan. U miyani qon bilan ta’minlaydigan karotid arteriyalar hamda ko‘rish uchun mas’ul ko‘ruv asablariga juda yaqin joylashgan.

Vaqt o‘tishi bilan o‘sma ko‘ruv asablariga bosim o‘tkazib, Xibbertning yon tomonlarni ko‘rish qobiliyatini pasaytira boshlagan. Shu sababli shifokorlar operatsiyani kechiktirmaslikka qaror qilgan.

Operatsiya vaqtida jarrohlar endoskop — ingichka kamera o‘rnatilgan qurilma yordamida burun orqali miya asosiga yetib borgan. Ammo o‘sma suyak va qattiq miya pardasi qatlamlari ortida joylashgani uchun uni ehtiyotkorlik bilan olib tashlash talab etilgan.

Aynan shu jarayonda sun’iy intellekt jarrohlarga yordam bergan. SI operatsiyaning jonli videotasvirini tahlil qilib, jarrohlik asboblarini kuzatgan hamda qon tomirlari va asablar joylashgan ehtimoliy hududlarni belgilab borgan.

Natijada tizim mutaxassislarga o‘smani qaysi joydan xavfsizroq olib tashlash mumkinligini aniqlashda ko‘maklashgan. Ya’ni sun’iy intellekt jarroh o‘rnini bosmagan, balki operatsiya vaqtida unga qo‘shimcha muhim axborot bergan.

Tadqiqotchilar mazkur SI tizimini gipofiz o‘smalarini olib tashlash bo‘yicha yuzlab operatsiyalarning videolari asosida tayyorlagan. Mutaxassislar videolarda qon tomirlari va asablarni belgilab, sun’iy intellektga miyadagi muhim tuzilmalarni tanishni o‘rgatgan.

Jarrohlardan biri professor Hani Markusning aytishicha, sun’iy intellekt tizimi ko‘plab mutaxassislar o‘z faoliyati davomida ko‘rishi mumkin bo‘lganidan ham ko‘proq operatsiya ma’lumotlari asosida o‘qitilgan.

Uning ta’kidlashicha, bunday texnologiya jarroh uchun “ikkinchi ekspert ko‘zi” vazifasini bajarishi mumkin. Bu ayniqsa miya kabi murakkab va nozik sohalarda operatsiya xavfini kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Mutaxassislar ushbu natijani miya jarrohligida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi muhim qadam sifatida baholamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar