Yuzini taranglashtirish muolajasi vaqtida 45 yoshli erkak vafot etdi

Braziliyada kosmetik muolaja vaqtida yuz bergan fojia 45 yoshli tadbirkor Joau Viktor Batista Pineyruning vafoti bilan yakunlandi. Ikki farzandning otasi bo‘lgan erkak 18 avgust kuni Fortalezaning nufuzli hududlaridan biridagi klinikada chakkasi atrofida yuzini taranglashtirish muolajasini anesteziya ostida o‘tkazayotgan edi.
Muolaja paytida Joauning og‘zidan ko‘pik kela boshlagan. Tibbiyot xodimlari uni hayotga qaytarish uchun yetti marta urinishgan, ammo erkak vafot etgan.
Joau ikki yil davomida stomatolog-jarroh Mishel Fransa kliyenti bo‘lib, avval ham klinikada bir nechta kosmetik muolajalardan o‘tgan. U hatto 2025 yilda klinika reklamasida ishtirok etib, tashqi ko‘rinishi, terisi va yuzini yoshartirish ustida ishlayotganini aytgan.
Oilasi Joau sog‘lom bo‘lgani va muntazam sport bilan shug‘ullanganini bildirgan. Biroq mahalliy OAV olgan sud-tibbiy hujjatda uning gipertoniya tarixi qayd etilgan.
Politsiya hozir uning o‘limi sabablarini, jumladan, ehtimoliy beparvolik yoki qasddan qilingan qonunbuzarlik holatlarini tekshirmoqda. Espaço Michele França klinikasi barcha zarur tibbiy choralar ko‘rilgani va favqulodda holatda jamoa zudlik bilan harakat qilganini bildirdi.
Shu bilan birga, Joau oilasi advokati Alisson Kastro klinikada defibrillyator bo‘lmaganini da’vo qildi.
Joau Casa de Fogos São João kompaniyasining egasi bo‘lib, 20 yildan ortiq vaqt davomida oilaviy biznesni boshqargan.
Tadbirkor 20 avgust kuni Kaukaya shahrida dafn etildi. Hozircha o‘limning rasmiy sababi aniqlanmagan. Anesteziya jamoasi rahbari Valediya Melu boshchiligidagi tibbiy jamoa yakuniy sud-tibbiy hisobotni kutayotganini, tergov va sud organlari bilan to‘liq hamkorlik qilishini ma’lum qildi.






























Izohlar 0
…