Eron ayrim samolyotlarini qo‘shni davlatlarga ko‘chirdi

AQSH tomonidan ehtimoliy harbiy hujum xavfi tufayli Eron o'zining ayrim harbiy va fuqarolik samolyotlarini qo'shni davlatlarga ko'chirgan bo'lishi mumkin. Xususan, Eronga tegishli ba'zi harbiy samolyotlar, jumladan RC-130 rusumlisi Pokistondagi Nur Xon aviabazasiga yuborilgan. Shuningdek, Mahan Air aviakompaniyasiga tegishli bir nechta samolyotlar Kobulga olib ketilib, keyinchalik Hirot aeroportiga ko'chirilgan bo'lishi ehtimoli aytilgan.
Eron AQSH tomonidan ehtimoliy harbiy hujum bo‘lishi mumkinligi sabab ayrim harbiy va fuqarolik samolyotlarini boshqa davlatlarga ko‘chirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda CBS News manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronga tegishli ayrim harbiy samolyotlar Pokistondagi Islomobod shahri janubida joylashgan Nur Xon aviabazasiga yuborilgan. Ular orasida razvedka vazifalari uchun moslashtirilgan RC-130 harbiy samolyoti ham bo‘lgani aytilmoqda.
Manbalarning bildirishicha, ehtimoliy harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Eronning Mahan Air aviakompaniyasiga tegishli bir nechta samolyotlar Kobulga olib ketilgan. Eron havo hududi yopilganidan keyin mazkur samolyotlar Afg‘onistonda qolib ketgani ma’lum qilingan.
Xabarlarda qayd etilishicha, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi vaziyat keskinlashganidan so‘ng samolyotlar Eron chegarasiga yaqin joylashgan Hirot aeroportiga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin.
Biroq Tolibon hukumati vakili Zabihulla Mujohid CBS News’ga bergan izohida bu ma’lumotlarni rad etgan. Uning aytishicha, Afg‘oniston hududiga Eron samolyotlari joylashtirilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.































Izohlar 0
…