15 kun faqat suv ichgan ayol 20 kg ozdi, ammo og‘ir kasallikka chalindi

15 kun faqat suv ichgan ayol 20 kg ozdi, ammo og‘ir kasallikka chalindi

Xitoyning Xenan provinsiyasida 31 yoshli ayol tez vazn tashlash maqsadida o‘ta keskin parhezga murojaat qildi. U 15 kun davomida ovqat iste’mol qilmay, faqat suv ichgan. Natijada qisqa vaqt ichida qariyb 20 kilogramm vazn yo‘qotgan.

Biroq tarozidagi raqamlarning keskin kamayishi uning sog‘lig‘iga qimmatga tushdi. Oradan ko‘p o‘tmay ayolda yurish qiyinlashishi, muvozanatni saqlay olmaslik va xotira bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan.

Shifokorlar uni tekshiruvdan o‘tkazgach, Vernike ensefalopatiyasi deb ataluvchi jiddiy nevrologik kasallikni aniqlashgan. Mutaxassislar bu holatni organizmda vitamin B1 — tiamin yetishmasligi va og‘ir oziqlanish tanqisligi bilan bog‘lagan.

Eng tashvishli jihati shundaki, nevrolog Sun Guyfan ayolning yurishi g‘alati tarzda o‘zgarib, pingvinnikiga o‘xshab qolganini aytgan. Shifokor uning yurishdagi muammolari to‘liq bartaraf bo‘lmasligi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol qadimiy daos an’analaridan biri sifatida tilga olinadigan «bigu» usuliga amal qilgan. Ushbu amaliyotda oziq-ovqatni keskin cheklash yoki ma’lum muddat umuman iste’mol qilmaslik holatlari uchraydi. Biroq shifokorlar uzoq muddatli ochlik organizmni zarur vitamin va boshqa ozuqa moddalaridan mahrum qilib, jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tez vazn tashlash uchun ovqatdan butunlay voz kechish xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, xotira buzilishi, muvozanat yo‘qolishi yoki ko‘z harakatlarida g‘ayrioddiylik paydo bo‘lsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar