AQSHda “Qiyomat kuni” eskadrilyasi ish boshladi

AQSH Harbiy-havo kuchlari Vashington yaqinidagi Endryus aviabazasida yangi 5-vertolyot eskadrilyasini rasman faollashtirdi. Bo‘linma mamlakat rahbariyati va yuqori martabali amaldorlarni favqulodda vaziyatlarda xavfsiz hududlarga olib chiqish hamda hukumat faoliyatining uzluksizligini ta’minlash bilan bog‘liq missiyalarda ishtirok etadi. Bu haqda Air Force xabar berdi.
Yangi eskadrilya 27 avgust kuni tashkil etildi. Bu Endryus aviabazasida so‘nggi 60 yil ichida birinchi marta yangi AQSH Harbiy-havo kuchlari vertolyot eskadrilyasi faollashtirilganini anglatadi.
5-eskadrilya kelgusida HH-60W Jolly Green II vertolyotlarini qabul qiladi. AQSH Harbiy-havo kuchlari Endryus bazasidagi eskirgan 26 ta UH-1N Huey vertolyotini shuncha miqdordagi yangi HH-60W mashinalariga almashtirishni rejalashtirmoqda.
Ushbu vertolyotlar Vashington va Milliy poytaxt mintaqasida inqirozli vaziyatlarda AQSH rahbariyati uchun tezkor choralar ko‘rish, yuqori martabali fuqarolik va harbiy amaldorlarni tashish hamda hukumatning uzluksiz faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yangi HH-60W vertolyotlari tezlik, parvoz masofasi va yuk ko‘tarish imkoniyatlari bo‘yicha hozirgi UH-1N mashinalaridan ustun. Ularning dastlabki operativ tayyorgarligiga 2029 yilda, to‘liq operativ tayyorgarligiga esa 2030 yilda erishish rejalashtirilgan.
O‘tish davrida 5-vertolyot eskadrilyasi va amaldagi 1-vertolyot eskadrilyasi parallel faoliyat yuritadi. 1-eskadrilya yangi HH-60W vertolyotlariga o‘tish jarayonida UH-1N mashinalari bilan muhim missiyalarni davom ettiradi.
OAVda yangi bo‘linma favqulodda vaziyatlarda yuqori martabali amaldorlarni evakuatsiya qilish va hukumat faoliyati uzluksizligini ta’minlash vazifalari sababli “Qiyomat kuni” eskadrilyasi sifatida tilga olinmoqda. Biroq bu uning rasmiy nomi emas. Rasmiy nomi — 5th Helicopter Squadron.






























Izohlar 0
…