Avstraliyada suvaraklardan «kiborg-qutqaruvchilar» yaratildi

Avstraliyada suvaraklardan «kiborg-qutqaruvchilar» yaratildi

Avstraliyalik olimlar vayronalar ostida qolgan odamlarga yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kiborg suvaraklarni ishlab chiqdi. «Paraborgs» deb atalgan ushbu hasharotlarga kamera va masofadan boshqariladigan miniatyura in’eksiya tizimlari o‘rnatilgan. Loyiha Kvinslend universiteti va Yangi Janubiy Uels universiteti tadqiqotchilari tomonidan amalga oshirilgan. Bu haqda "Nauka" xabar berdi.

Tadqiqotchilar buning uchun Avstraliyaning shimolida uchraydigan ulkan qazuvchi suvarak — Macropanesthia rhinoceros turidan foydalangan. Hasharotlarga o‘rnatilgan elektrodlar orqali ularning harakatini masofadan boshqarish mumkin. Kamera bilan jihozlangan suvarak jabrlangan odamni aniqlashga yordam bersa, boshqasi unga dori yetkazib berish uchun mo‘ljallangan.

Laboratoriyadagi dastlabki sinovlarda kiborg suvaraklar belgilangan nuqtalarga yetib borishda 100 foizlik natija ko‘rsatgan. Biroq nishonga yaqinlashish, to‘g‘ri joylashish va in’eksiya qilishni o‘z ichiga olgan to‘liq jarayon faqat 72 foiz holatda muvaffaqiyatli yakunlangan. Hasharot nishondan 15 santimetrgacha masofada bo‘lganida esa in’eksiya muvaffaqiyati 95 foizgacha yetgan.

Hozircha texnologiya tajriba bosqichida. Sinovlar odamlarda emas, nazorat qilinadigan laboratoriya sharoitida silikon nishonlar va cho‘chqa terisida o‘tkazilgan. Olimlar kelajakda vayronalar, g‘orlar va qutqaruvchilar yetib borishi qiyin bo‘lgan boshqa joylarda maxsus kiborg hasharotlar to‘dasidan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Orqa qismida kichik kamera va simli elektronika o‘rnatilgan suvarak.
Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar