Dronlar ostidagi to‘y: front yaqinida nikohdan o‘tgan juftlik (foto)

Ukrainaning Rossiya bilan urushi fronti yaqinlashib kelayotgan Kramatorsk shahrida 35 yoshli Tetyana va Aleksandr nikohdan o‘tdi. Juftlik to‘y marosimini shahar markazidagi Tinchlik maydonida, dronlar xavfi va harbiy tahdidlar kuchaygan bir sharoitda o‘tkazdi. Bu haqda «The Guardian» xabar berdi.
Marosim 29 avgust — Ukraina Mustaqillik kunida bo‘lib o‘tgan. To‘ydan uch kun oldin Kramatorsk rasman jangovar hudud tarkibiga kiritilgan edi. Shaharda bino-inshootlarning ko‘p qismi zararlangan, ayrim ko‘chalar dronlarga qarshi to‘rlar bilan qoplangan.

«The Guardian» ma’lumotiga ko‘ra, to‘ydan oldingi bir necha kun ichida Kramatorskda 51 ta o‘qqa tutish holati qayd etilgan va olti kishi halok bo‘lgan.
Shunday xavfli vaziyatga qaramay, Tetyana va Aleksandr nikohni aynan Kramatorskda o‘tkazishga qaror qilgan. Aleksandr bu qarorni Donetsk viloyati va uning xotiralarini asrab qolish istagi bilan izohlagan.
Tetyana frontda ko‘ngilli harbiy tibbiyot xodimi sifatida xizmat qiladi. Uning tibbiy evakuatsiya guruhi to‘ydan bir necha kun oldin Kiyevga qayta jo‘natilgan bo‘lsa-da, u marosimda ishtirok etish uchun sharqiy Ukrainaga qaytib kelgan. Aleksandr esa armiya kapitani hisoblanadi.

Juftlik shu yil fevral oyida tanishgan. Tetyana Aleksandrga internet orqali murojaat qilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatishni taklif qilgan.
Nikohni rasmiylashtirish marosimi videoqo‘ng‘iroq orqali onlayn tarzda o‘tkazilgan. Ukrainada urush sharoitida jismonan bir joyga to‘plana olmaydigan juftliklar uchun onlayn nikoh xizmati 2024 yilda joriy etilgan.
Tetyana va Aleksandr nikoh uzuklarini taqib, qasamyod qildi va bir-birini o‘pdi. Marosimdan so‘ng ular shaharda ochiq bo‘lgan kam sonli muassasalardan biri — qahvaxonaga borib, to‘y tortini tanovul qilgan.

To‘y paytida shahar ustida dron paydo bo‘lgani haqida xabar tarqalib, qisqa vaqtga xavotirli vaziyat yuzaga kelgan. Shunga qaramay, juftlik marosimni davom ettirgan.
Qizig‘i, Tetyana va Aleksandrning yoshi Ukraina mustaqilligi yoshiga teng — har ikkisi ham 35 yoshda. Ular urushga qaramay, kelajak qurish va farzandli bo‘lishni rejalashtirmoqda.































Izohlar 0
…