Bomba haqidagi hazili sabab yo‘lovchi reysdan qoldirildi

Bomba haqidagi hazili sabab yo‘lovchi reysdan qoldirildi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida yo‘lovchi samolyot bortida sumkasida bomba bo‘lishi mumkinligi haqida hazil qilgani uchun Olmaota–Aqtau reysidan tushirildi. Voqea 3 sentyabr kuni Olmaota aeroportida sodir bo‘lgan. Bu haqda Tengri Travel xabar berdi.

Qozog‘iston Transport politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchi aviakompaniya tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida reysdan olib qolingan. Bunga uning qozoq tilida aytgan «Bu sumkada qo‘rg‘oshinmi yoki bomba bormi?» mazmunidagi gapi sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng transport politsiyasi va aviatsiya xavfsizligi xodimlari yo‘lovchi hamda uning yuklarini tekshirgan. Tekshiruv natijasida portlovchi moddalar yoki boshqa taqiqlangan buyumlar aniqlanmagan. Aeroportda evakuatsiya ham o‘tkazilmagan va havo bandargohi odatdagidek ishlagan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchi mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ish bo‘yicha materiallar sudga yuboriladi.

Transport politsiyasi yo‘lovchilarni samolyot bortida xavfsizlikka tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan gaplarni, hatto hazil tariqasida ham aytmaslikka chaqirdi.

Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 273-moddasida terrorchilik akti yoki boshqa xavf haqida bila turib yolg‘on xabar berish uchun 5000 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichigacha jarima, shuningdek besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar