Buxoroda talaba qizga shahvoniy shilqimlik qilgan tyutor 3 sutkaga qamaldi

Buxoro shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan birida faoliyat yurituvchi 40 yoshli tyutor o‘z talabasi bilan bog‘liq nomaqbul xatti-harakatlari uchun 3 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib QALAMPIR.UZ xabar berdi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, voqea 2026 yil 14 avgust kuni soat taxminan 22:00 da sodir bo‘lgan. A.A. universitetda tahsil olayotgan qizga telefon qilib, uni oraliq nazoratlardan o‘tkazib qo‘yishini aytgan. Buning evaziga esa unga jinsiy yaqinlikni taklif qilgan.
Bundan tashqari, tyutor talabaning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi nomaqbul so‘zlarni ishlatib, unga shahvoniy shilqimlik qilgan.
3 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida A.A. aybiga iqror bo‘lgan. U universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlashini, voqea sodir bo‘lgan kuni mast holatda bo‘lganini aytib, talabadan kechirim so‘ragan.
Jabrlanuvchi talaba ham sudda voqea tafsilotlarini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, A.A. unga ishqiy munosabat o‘rnatishni va jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan. Bundan qo‘rqib ketgan qiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishini bildirgan.
Shunga qaramay, A.A. talabaning telefoniga qo‘ng‘iroq qilishda davom etgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi nomaqbul so‘zlarni ishlatgan.
Sud qaroriga ko‘ra, A.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan shahvoniy shilqimlik qilish huquqbuzarligini sodir etgan deb topilgan.
Unga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.






























Izohlar 0
…