Zebo Raximova sayohatlari uchun pulni qayerdan topishi va nechta davlatga borganini aytdi

Zebo Raximova sayohatlari uchun pulni qayerdan topishi va nechta davlatga borganini aytdi

Aktrisa va bloger Zebo Raximova “Afisha”ga bergan intervyusida sayohatlari uchun mablag‘ni qayerdan topishi va boshqalarga sayohat qilish bo‘yicha qanday tavsiya berishi haqida gapirdi.

Uning aytishicha, xorijiy safarlari uchun asosiy daromad manbai reklama hisoblanadi. Zebo Raximova Instagram yoki YouTube'dagi ko‘rishlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri pul olmasligini ta’kidladi.

“Men sayohatlarim uchun pulni reklamalardan topaman. Mening asosiy daromad manbaim shu. Instagram yoki YouTube ko‘rishlar uchun pul to‘lamaydi. Shunchaki reklamalardan daromad qilaman va shu mablag‘ hisobidan sayohat qilaman”, — dedi aktrisa.

Bloger sayohat qilishni istaganlarga ham daromadining bir qismini oldindan jamg‘arib borishni tavsiya qildi.

“Topgan pulini har xil keraksiz narsalarga sarflamasdan, sayohat uchun yig‘sa, Xudo xohlasa, sayohat qilish mumkin. Hozir buning imkoniyatlari juda ko‘p. Hatto bo‘lib to‘lash orqali ham sayohat qilish mumkin. Albatta, keyinchalik moliyaviy qiyinchilikka tushib qolmaydigan bo‘lsa, shunday imkoniyatlardan foydalanish mumkin”, — deya fikr bildirdi Zebo Raximova.

Suhbat davomida undan hozirgacha nechta davlatga sayohat qilgani va yil yakunigacha bu raqamni nechaga yetkazmoqchi ekani ham so‘raldi.

Aktrisa hozirgacha 32 ta davlatga borganini ma’lum qildi. U yil oxirigacha ushbu ko‘rsatkichni 40 taga yetkazishni rejalashtirayotganini aytdi.

“Hozircha 32 ta davlatga bordim. Xudo xohlasa, yil oxirigacha 40 ta qilish niyatim bor. Lekin 50 taga yetkazish qiyin bo‘lsa kerak”, — dedi u.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar