Chexiyada telefonga chalg‘igan 7 yoshli bola metro relsiga tushib ketdi (video)

Chexiyada telefonga chalg‘igan 7 yoshli bola metro relsiga tushib ketdi (video)

Chexiya poytaxti Pragada 7 yoshli bola telefonga qarab ketayotib, metro relsiga tushib ketdi. Uni poyezd yetib kelishidan bir necha soniya oldin boshqa yo‘lovchilar qutqarib qoldi. Bu haqda Chexiya Respublikasi politsiyasi xabar berdi.

Hodisa 2 sentyabr kuni soat taxminan 18:00 da “Muzeum” metro bekatida sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, oila a’zosi hamrohligida bo‘lgan bola telefonga qarab ketayotgani sababli rels tomon yurganini payqamagan.

Bola to‘satdan muvozanatini yo‘qotib, relslar ustiga tushib ketgan. Shu paytda bir nafar xorijlik yo‘lovchi uni qutqarish uchun relsga sakragan. Boshqa yo‘lovchilar ham yordam berib, bolani atigi bir necha soniya ichida perronga olib chiqqan.

Bolaning hayotini saqlab qolishda perron chetida joylashgan favqulodda to‘xtatish tugmasi ham muhim rol o‘ynagan. Tugma bosilgach, yaqinlashayotgan metro poyezdi to‘xtatilgan.

Politsiya xodimlari yetib kelganidan so‘ng bola yengil jarohatlar bilan tez yordam xodimlariga topshirilgan va shifoxonaga olib ketilgan.

Chexiya politsiyasi voqea ortidan bolalar va ularning ota-onalarini metro hamda temiryo‘l hududlarida telefondan yoki quloqchindan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Politsiya qisqa muddatli e’tiborsizlik ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar