Britaniyada «chag‘alaylar» yiliga 172 mln funtlik ovqatni olib qochmoqda

Britaniyada chag‘alaylar sabab bir yil davomida o‘g‘irlangan yoki o‘g‘irlashga urinilgan ovqatlarning umumiy qiymati 171,9 million funt sterling deb baholandi. Bu hisob-kitob Compare the Market kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga asoslangan. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Tadqiqotda 2 ming nafar britaniyalik ishtirok etgan. Ularning 71 foizi chag‘alaylar ovqatini olib qochgan yoki uni o‘g‘irlashga uringan holatga duch kelganini bildirgan. Hisob-kitobda bunday holatdagi ovqatning o‘rtacha qiymati 5,50 funt deb olingan.
Chag‘alaylarning eng ko‘p nishonga oladigan taomi esa fish-and-chips bo‘lgan. So‘rov qatnashchilarining 72 foizi aynan shu taomni qushlar olib ketgan yoki olib ketishga uringanini aytgan. Keyingi o‘rinlarda sendvichlar — 21 foiz va muzqaymoq — 20 foiz turadi.
Qushlardan ehtiyot bo‘lish uchun britanlarning 76 foizi ochiq havoda qayerda yoki qanday ovqatlanishini o‘zgartirgan. 43 foiz kishi ovqatini chag‘alaylardan yashirishga harakat qilsa, 31 foizi uni tezroq yeb tugatishini aytgan.
Shuningdek, chag‘alaylar nishonga olganlarning 69 foizi bunday holat bir necha marta takrorlanganini bildirgan.






























Izohlar 0
…