Alyaskada 15 yoshli bola ag‘darilgan qayiq ustida ikki kun yashab qoldi

Alyaskada 15 yoshli bola ag‘darilgan qayiq ustida ikki kun yashab qoldi

AQSHning Alyaska shtati yaqinidagi Bering dengizida 15 yoshli o‘smir ag‘darilib ketgan baliqchi qayig‘i ustida taxminan ikki kun, ya’ni 62 soat davomida qolib, omon qoldi. Bu haqda AP News xabar berdi.

Derek Parker Ag‘naanga Sent-Lorens oroli yaqinida 35 yoshli akasi va amakivachchasi bilan baliq ovlash uchun dengizga chiqqan. Kichik qayiq ag‘darilib ketganidan so‘ng uchala yo‘lovchi ham bedarak yo‘qolgan deb hisoblanib, qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.

O‘smir sovuq suvda oziq-ovqat va suvsiz qolganiga qaramay, ag‘darilgan qayiq korpusiga chiqib, undan mahkam ushlab turgan. Qutqaruv vaqtida olingan videoda uning sariq kurtkada qayiq ustida tiz cho‘kib turgani aks etgan.

AQSH Sohil qo‘riqlash xizmati samolyoti o‘smirni aniqlaganidan so‘ng, yaqin atrofdagi Northwest Explorer kemasi ekipaji uni qutqarib olgan. O‘smirda gipotermiya alomatlari kuzatilgan va unga issiq kiyim hamda boshqa zarur yordam ko‘rsatilgan.

Afsuski, uning akasi va amakivachchasi halok bo‘lgan. Ularning jasadlari ham qidiruv ishlari davomida topilgan. Qayiqning nima sababdan ag‘darilgani yuzasidan tekshiruv davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar