16 yashar qizni o‘ldirgan o‘smir sudda kutilmaganda oqlandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Malayziyada maktab hojatxonasida sinfdoshi Yap Shing Syuanni o‘ldirgan 14 yoshli o‘smir sud tomonidan oqlanib, ruhiy kasalligi sababli psixiatriya shifoxonasida davolanishga hukm qilindi.
- Sud ekspert-psixiatr xulosasiga ko‘ra, o‘smirga shizofreniya tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, uning ruhiy holati 9 yoshidan boshlab yomonlashgan.
- U jamiyatda mustaqil yashashga tayyor deb topilguniga qadar shifoxonada qoladi va uning ahvoli muntazam ravishda baholanadi.
Malayziyada maktabda 16 yoshli sinfdoshining o‘limiga sabab bo‘lgan o‘smirga nisbatan sud qaror chiqardi. Sud uning ruhiy holatini inobatga olib, qotillik ayblovi bo‘yicha oqlov hukmi chiqargan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Fojia Kuala-Lumpur yaqinidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan. O‘sha paytda 14 yoshda bo‘lgan o‘smir maktab hojatxonasida sinfdoshi Yap Shing Syuanga hujum qilgan va qiz voqea oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Sud muhokamasi davomida himoya tomoni o‘smirning voqeaga aloqadorligini inkor etmagan. Biroq advokatlar uning bolaligidan ruhiy salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolari bo‘lganini ta’kidlagan.
Sudda so‘z olgan ekspert-psixiatr o‘smirga shizofreniya tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgan. Mutaxassisning aytishicha, unda 9 yoshidan boshlab ruhiy kasallik belgilari va gallyutsinatsiyaga o‘xshash holatlar kuzatilgan.
Uning ruhiy ahvoli pandemiya davrida, shuningdek, maktabga qayta boshlaganidan keyin yanada yomonlashgani qayd etilgan. Advokatlar esa kasallik alomatlarini nazorat qilish uchun unga uzoq muddatli davolanish va dori-darmon zarurligini bildirgan.
14 sentyabr kuni sud o‘smirni qotillik ayblovi bo‘yicha oqlagan. Biroq bu uni darhol ozod qilishini anglatmaydi. Sud uni jamiyatda mustaqil yashashga tayyor deb topilguniga qadar psixiatriya shifoxonasida saqlash va davolashga qaror qilgan.
Uning ruhiy holati muntazam ravishda, ehtimol har yili qayta baholanib boriladi.
O‘smir voyaga yetmagani sababli uning shaxsi Malayziya qonunchiligiga muvofiq oshkor qilinmagan. Sud jarayoni ham yopiq tarzda o‘tkazilgan.
Mazkur ish Malayziyada keng jamoatchilik e’tiborini tortgan. Politsiya avvalroq ijtimoiy tarmoqlar o‘smirning ruhiy holatiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Keyinchalik tergov doirasida topilgan yozuvning internetga tarqalishi ham jamoatchilikdagi muhokamalarni yanada kuchaytirgan.






























Izohlar 0
…