Vantor sun’iy yo‘ldoshi Saturnni koinotdan suratga oldi

Vantor kompaniyasining Yer orbitasida joylashgan sun’iy yo‘ldoshi Yerdan qariyb 1,5 milliard kilometr uzoqlikdagi Saturn sayyorasini suratga oldi. Bu haqda «Naked Science» nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, avval Maxar Intelligence nomi bilan tanilgan Vantor kompaniyasi Yer orbitasidan turib koinotdagi obyektlarni suratga olish texnologiyalarini rivojlantirmoqda. Kompaniya bundan oldin ham boshqa sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik apparatlarni orbitadan turib tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Jumladan, 2025 yil dekabr oyida WorldView-3 sun’iy yo‘ldoshi Yerdan 240 kilometr balandlikda nosoz holatda bo‘lgan Starlink apparatini suratga olgan. 2026 yil aprel oyida esa WorldView Legion 4 sun’iy yo‘ldoshi «Hubble» kosmik teleskopini qariyb 61,8 kilometr masofadan tasvirga tushirgan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning yettita sun’iy yo‘ldoshi Yer orbitasidagi obyektlarni kuzatish va suratga olish imkoniyatiga ega. Tasvirlarning eng yuqori aniqligi har bir pikselga 2,5 santimetrgacha yetishi mumkin.
Saturnning suratga olinishi kompaniyaning kosmik obyektlarni kuzatish imkoniyatlarini namoyish etuvchi navbatdagi natija bo‘ldi.






























Izohlar 0
…