Qaqshatqich zarba: Nega amerikaliklar Trampning partiyasini shafqatsizlarcha jazoladi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHdagi oraliq saylovlar Donald Tramp va Respublikachilar partiyasining og‘ir mag‘lubiyati bilan yakunlandi.
- Saylovchilarning noroziligiga inflyatsiya, 2025-2026 yillardagi 3,7 foizlik narxlar o‘sishi hamda Erondagi urush sababli yoqilg‘i narxlarining keskin ko‘tarilishi asosiy omil bo‘ldi.
- Trampning o‘zini kampaniya markaziga qo‘yishi va real muammolardan uzilib qolishi uning reytingini tushirib yubordi.
AQSHda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar amaldagi prezident Donald Tramp va uning Respublikachilar partiyasi uchun og‘ir mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Odatda oraliq saylovlarda hokimiyatdagi partiya pozitsiyalarini qisman boy berishi kuzatiladi, ammo bu safargi siyosiy zarba ko‘lami saylovchilar Trampning Oq uyga qaytganidan keyingi ikki yillik siyosatidan qanchalik qattiq charchaganini va norozi ekanini namoyish etdi.
BBC amerikalik saylovchilar respublikachilarni bu qadar ko‘p mandatdan mahrum etib, «ko‘k to‘lqin» (demokratlar) foydasiga ovoz berganining 5 ta asosiy sababini ochiqladi.
1. Qimmatchilik va inflyatsiya: «Hamma narsa oshib ketdi»
Atlantikadan Tinch okeanigacha bo‘lgan hududlarda yashovchi amerikaliklar kundalik hayotda keskin qimmatchilikka duch keldi:
Raqamlar va benzin narxi: 2025 yil sentyabridan 2026 yil sentyabrigacha narxlar 3,7 foizga oshdi. Sentyabrda dizel yoqilg‘isining chakana narxi bir gallon uchun rekord darajadagi 6 dollar-u 52 sentga (bir litr uchun 1,72 dollar) yetdi;
Aholining g‘azabi: Ekzit-poll so‘rovlarida saylovchilarning 79 foizi so‘nggi bir yilda inflyatsiya sababli jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganini, so‘ralganlarning 60 foizdan ortig‘i esa bunda to‘g‘ridan to‘g‘ri Tramp va uning iqtisodiy qarorlarini ayblayotganini bildirdi.
2. Erondagi urush va buzilgan va’da
Narxlarning keskin ko‘tarilishiga Vashington va Isroilning fevral oyi oxirida Eronga qarshi boshlagan harbiy harakatlari sabab bo‘ldi:
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi: Tehron muhim neft va gaz yo‘lini to‘sib qo‘yishi dunyo bo‘ylab yoqilg‘i narxini sakratib yubordi va oqibatda amerikaliklar yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ulkan hisob-kitoblarga duch keldi;
Saylovchilar qarshiligi: So‘rovda qatnashganlarning 63 foizi urush boshlash xato bo‘lganini, 74 foizi esa bu omil ovoz berishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Trampning «yangi urushlarni boshlamaslik» haqidagi va’dasini buzgani hatto uning ashaddiy tarafdorlarini ham ranjitdi.
3. Demokratlarning kuchli va izchil strategiyasi
Demokratik partiya nomzodlari respublikachilarning an’anaviy istehkomlari hisoblangan shtatlarda ham g‘alaba to‘lqinini hosil qildi:
Ijtimoiy muammolarga urg‘u: Ular qimmatchilik va tibbiy xizmatlardan foydalanishni asosiy shior qilib oldi;
Sensatsion g‘alabalar: Texas va Kanzasda Jeyms Talariko va ruhoniy Adam Hemilton, Janubiy Karolinada sobiq pediatr Enni Endryus, Michiganda sog‘liqni saqlash tizimini himoya qilgan Abdul as-Sayid senatga saylandi. Jorjiyada esa 39 yoshli senator Jon Ossoff 60 ga 40 natija bilan Tramp tarafdorlari ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, 2028 yilgi prezidentlik poygasi favoritiga aylanmoqda.
4. Reytingi qulagan Tramp: Brendi xiralashgan yetakchi
Saylovchilar o‘zlarini eng ko‘p qiynayotgan muammolar — narxlar o‘sishi va Eron urushini bevosita Tramp nomi bilan bog‘ladi:
Xato strategik taktika: Tramp saylovchilarni byulletenlarda xuddi uning ismi turgandek ovoz berishga chaqirib, kampaniya markaziga o‘zini qo‘ydi. Bu esa aks ta’sir qildi;
Real muammolardan uzilish: Amerikaliklar narx-navo va oilaviy budjet bo‘yicha yechim kutayotgan bir paytda, Tramp saylov arafasidagi Vashington nutqini poytaxtdagi katta hovuzni ta’mirlash loyihasiga bag‘ishlagani ko‘pchilikni hafsalasini pir qildi.
5. Lotin amerikaliklar va qora tanli saylovchilarning yuz o‘girishi
2024 yilda Trampning hokimiyatga qaytishini ta’minlagan muhim demografik guruhlar bu safar respublikachilarni qo‘llamadi:
Chegaradagi burilish: Texasning Meksika bilan chegaradosh ispan tilli okruglarida demokratlar ustun keldi. Bu hududlarda respublikachilarning natijasi ikki yil oldingiga nisbatan 22 foiz punktga pasaydi;
ICE siyosatiga norozilik: Immigratsiya va bojxona xizmatining (ICE) agressiv choralari saylovchilarning 56 foizida salbiy munosabat uyg‘otdi. Shuningdek, Missisipi kabi afroamerikaliklar salmog‘i yuqori bo‘lgan hududlarda ham ko‘p yillik respublikachilar hukmronligi xavf ostida qoldi.































Izohlar 0
…