19:09 / 07.10.2018
7 847

Imomning maniken qizi (6-qism)

Imomning maniken qizi (6-qism)
Tuni bilan oʻylab chiqqan Yoqub imom nonushtaga chaqirishganida haliyam motamnamo kayfiyatda edi. Gul xonimning eʼtiborini erining sochida oq tolalar koʻpayib ketgani tortdi.

– Azizim, sochlaringiz oqarib ketibdi.

Sal hayron boʻlgan edi-yu, biroq hech nima boʻlmaganday javob berdi.

– Oqaradi-da. Kundan kun dunyo tashvishlari ortyapti. Quvvatdan qolyapmiz. Qariyapmiz. Narigi dunyoga tayyorlanyapmiz. Nima ham qilar edik?

Fotima ham koʻz tigʻi bilan otasining sochlariga qaradi. Rostdan ham oqarib ketibdi. Nega birdan oqarib ketdi ekan? Hayron boʻlgan boʻlishiga qaramay, hech nima demadi. Onasiga bergan javobni qaytarishini bilar edi. Oshxonaga kirdi. Koʻzlari ayvonda oʻtirgan yigitga tushdi. Yigitcha yana ularning derazasiga qarab turar edi. Koʻzlar toʻqnash kelgach, yigitcha shoshib nigohlarini darrov olib qochdi.

Fotima allanimalar deb asabiylashtiyu pardani tortdi. Koʻp oʻtmay Fotima uydan chiqdi.U yigit yashagan uyning oldidan tez-tez yurib oʻtib ketdi. Birdan uning onasi bilan toʻqnash keldi. Darrov onasiga oʻgʻlidan shikoyat qila boshladi.

– Xola, oʻgʻlingizga aytib qoʻying, menga qaramasin. Asabiylashganimdan oʻzimni tuta olmayapman.

Ayol hayron boʻlib qoldi:

– Nima deyapsan, qizim. Oʻgʻlim hech kimga qaramaydi. Senga shunday tuyulgan boʻlsa kerak.

– Qoʻysangiz-chi, nuqul koʻzlari bizning derazada, menda.

– Sen qaramasang, uning qaraganini qayerdan bilding?

– Koʻzlarim boʻlganidan keyin koʻraman-da.

– Oʻgʻlimnikiyam koʻz-da. Uylaringiz biznikining toʻgʻrisida boʻlsa, bilmay qarab yuborsa kerak. Agar oʻgʻlim chindan ham senga qarayotgan boʻlsa, unga achinaman.

Bu gap Fotimaga qattiq tegib ketgan edi.

– Nimaga endi?

– Nega boʻlardi. U aslida sendan nafratlanadi. “Imomning qiziday betarbiya qizni koʻrmaganman. Oyoqlari menikiday boʻlib qolganda nima qilar edi, bilmayman”, – deydi. Seni juda erkatoy qiz, deb hisoblaydi. Shundayam seni sevib qolgan boʻlsa, u chindan achinarli holdadir. Kechagina sening odamgarchiliging qolmaganini aytgan edi.

– Oʻgʻlingizga aytib qoʻying, mening odamgarchiligim joyida, u oʻzini bilsin.

– Mening bolamning ham odamgarchiligi joyida. Sen uni haqorat qilib, yerga urma. Alloh koʻrsatmasin, bir baxtsiz hodisa tufayli sen ham uning holiga tushishing mumkin.

– Oʻzi asrasin.

– Asrasin-ku, lekin bu taqdir. Asramasa, keyin oʻzing uyalib qolasan.

Yoqub imom haliyam parishon edi. Biror chora topishga intilar edi. Oʻsha kuni kechasi Fotima uyga kelmadi.

Imom Xufton namozidan keyin koʻzi ilinib uxlab qolgan edi. Uygʻonganida kechasi soat 2 boʻlibdi. Goʻyo yuragini ogʻir yuk bosib turganday boʻlib, oʻrnidan sakrab turdi va Fotimaning oyoq kiyimiga qaradi. Qizi kelmabdi. Ayolini uygʻotmoqchi boʻldi, lekin u ham necha kundir hol-majolsiz, charchagan. Uygʻotishga koʻzi qiymadi. Kiyinib Betush xolanikiga bordi. Jahl bilan eshik qoʻngʻirogʻini bosar, ichkaridan ovoz kelgachgina sal oʻziga keldi.

– Yarim kechasi qaysi tarbiyasiz boʻldi?

– Men Yoqubman, eshikni oching.

– Nega ochar ekanman. Men bir beva ayolman, bu vaqtda hech kimga eshikni ocholmayman.

– Qizimni olib ketgani keldim. Bu safar juda qattiq gʻazablanganman. Eshikni ochingda, qizimni olib ketay.

– Bu yerda qiz-pizingiz yoʻq.

– Bilaman, u ichkarida. Eshikni och, boʻlmasa oʻzimga javob bermayman.

– Nima qilasan, eshikni sindirasanmi?

– Har narsa boʻlishi mumkin. Tinchgina eshikni oching.

Ayol eshikni ochishga majbur boʻldi.

– Kiraqol, qani nima toparkansan?

Yoqub imom zinadan oʻqday uchib chiqdi. Hamma yoqni qarab chiqdi-yu, qizini topa olmadi.

Ertasiga Betush bu vaziyatni boshqacharoq taʼriflayotgan edi:

– Nima emish, yarim tunda kelib tuygʻularimni jilovlay olmayapman, deya eshigimning tagiga yotib oldi. Yana eshikni ochmasang, sindiraman, deyishiga oʻlaymi? Hayron qoldim. Siz imom boʻlsangiz, bu qiliqlar sizga yarashmaydi, dedim.

Bu gaplarni eshitib turgan ayollardan biri gʻazabini tiya olmay oʻrnidan sapchib turib ketdi.

– Yoʻq, yoʻq! Boʻlishi mumkin emas, Yoqub imom bunday qila olmaydilar.

– Qoʻysangiz-chi, nima men bularni oʻzim oʻylab topibmanmi?

– Boʻlishi mumkin. Shuni xohlaganingiz uchun uydirayotgan boʻlishingiz mumkin.

Bu gap–soʻzlar ogʻizdan ogʻizga oʻtib, nihoyat Yoqub imomning qulogʻiga yetib bordi. Imom xomush tortib soʻradi:

– Bu gaplarga ishonganlar boʻldimi?

– Yoʻgʻ-ye, ishonganlar 3-5 kishidan ortmaydi. Ishonishsa nima qilgan boʻlar edingiz?

– Imom oʻziga ishonmaydigan jamoaga imomlik qila olmaydi. Agar shunday boʻlsa, men darhol bu yerdan ketar edim.

Masjid hovlisida avj olgan bu gap-soʻzlar davom etar ekan, Ahmad kelib qoldi:

– Tinchlikmi, anavi nomussiz siz haqingizda nimalar deb yuribdi? Haddini bildirib qoʻysak boʻlarmidi?

– Qoʻysangchi, doʻstim. Uning gaplariga parvo qilmaganlar haddini bildirib boʻlishibdi oʻzi. Odobsizlar bilan teng boʻlamizmi? Aslida bundan ham muhimroq qaygʻularim bor. Doʻstim, qizim yoʻqolib qoldi. Ishxonasiga telefon qilsam, kecha ishdan boʻshab ketdi, deyishdi. Ogʻir vaziyatda qoldim, bu jamiyat bolamni qoʻllarimdan tortib oldi.

Ikkalalari yolgʻiz qolishganida imom koʻz yoshlarini tiya olmadi:

– Xotinim, siqilib yotib qoldi. Mening ham ahvolim yaxshi emas. Hazrati Yoqub kabi sabr qilishdan oʻzga choram yoʻq, lekin sabrim yetmayapti. Shuning uchun yonyapman.

– Sabr qilishdan boshqa ilojing yoʻq. Sabr qil. Nima ham qila olarding?

– Harakat qilyapman. Robbim sabr bersin. Saldan keyin melitsiyaga boraman, ammo nima deyishimni bilmayman. Buning ustiga qizim oʻn sakkizga kirdi. Qonunga binoan endi qizimning hayotiga aralashishga haqqim yoʻq. Gʻarbdan namuna qilib olingan bu qonunni deb, yoshlarimiz qoʻldan ketyapti.

Davomi bor...


Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (6-qism)