Bishkekda pichoqli hujum: qizni garovga olgan shaxs qo‘lga tushdi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida sodir bo‘lgan xavfli voqea jamoatchilikni jiddiy xavotirga soldi. Erkak kishi avval keksa ayolga pichoq bilan tan jarohati yetkazib, keyinchalik yosh qizni garovga olgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda gumonlanuvchi ko‘cha o‘rtasida qizni ushlab, uning bo‘yniga pichoq tirab turgani aks etgan. Holat atrofdagilarda sarosima uyg‘otgan bo‘lsa-da, bir necha jasur fuqaro uni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, voqea kecha kuni sodir bo‘lgan. Dastlab, 24 yoshli B.R. Kara-Baltinskaya ko‘chasida joylashgan uyda 73 yoshli ayolga hujum qilib, jarohat yetkazgan va hodisa joyidan qochib ketgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, taxminan soat 21:45 larda u Jibek Jolu va Ala-Archinskaya ko‘chalari kesishmasida yana bir jinoyatga qo‘l urgan. U yerda u yosh qizni garovga olgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan gumonlanuvchi tezkorlik bilan ushlanib, vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Ayni paytda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Mazkur voqea yana bir bor jamoat joylarida xavfsizlik masalasi qanchalik dolzarb ekanini ko‘rsatdi.






























Izohlar 0
…