23:32 / 25.04.2021
2 208

Pashinyan iste’fo berdi. Lekin u butunlay ketmoqchi emas


Foto: EPA
Armaniston Qorabog‘dagi urushda mag‘lub bo‘lganidan besh yarim oy o‘tib mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan iste’fo berdi. Bu avvaldan kutilgan formal qadamdir: Pashinyan bosh vazir vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etadi, iyun oyida esa yana saylovlarda g‘olib chiqishi mumkin.

Pashinyanning iste’fosi muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazilishi uchun kerak edi, saylovlarni o‘tkazishga esa o‘tgan yil kuzida Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi urushda mag‘lub bo‘lishi ortidan zarurat yuzaga kelgandi.

Bugun Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Facebook orqali xalqqa murojaat qilib, iste’fo berganini e’lon qildi.

«2020 yilda biz halokatli voqealarrni boshdan kechirdik, muammolar sabablari va yechimlar haqida deyarli hamma gapirdi: siyosiy kuchlar, hukumat a’zolari, ziyolilar, ruhoniylar, jamoat tashkilotlari. Endi xalq o‘z so‘zini aytish va o‘tmishga hamda bugunga baho berish va kelajak uchun qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bunday imkoniyat hosil qilish uchun muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkaziladi.

Prezident va siyosiy kuchlar bilan kelishuvga ko‘ra, konstitutsiyaviy nizomlarni amalga oshirish va parlamentni tarqatib yuborish uchun men bugun iste’fo beryapman», deya Pashinyanning so‘zlarini keltirgan «Novosti-Armeniya» agentligi.
Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, bunday holatda Armaniston hukumati ham to‘liq tarkibda iste’fo beradi. Ammo hozirgi hukumat yangi hukumat shakllantirilguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.

Pashinyan parlamentdagi muxolifat bilan kelishuvga ko‘ra, 20 iyun kuni muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazmoqchi, u bu saylovlarda ham g‘olib chiqishni ko‘zlagan - so‘rovlar unga g‘alaba uchun umid bermoqda.

«Aprelning oxirgi o‘n kunligida iste’foga chiqaman. Men buni ketish uchun emas, muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi uchun qilaman. Men bosh vazir vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etaman. Saylovlarda saylovchilar ishonch bildirishsa, men mamlakatda yanada yaxshiroq xizmat qilishga va’da beraman. Ammo agar fuqarolar bizni qo‘llab-quvvatlashmasa, biz saylanadiganlarga hokimiyatni topshiramiz», degandi Pashinyan 28 mart kuni mamlakat bo‘ylab safar davomida fuqarolar bilan uchrashuvda.

Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, muddatidan oldingi parlament saylovi o‘tkazilishi uchun bosh vazir iste’fo berishi, keyin parlament ikki urinishda ham yangi bosh vazir nomzodini tasdiqlamasligi kerak. Pashinyan, uning rahbarligidagi «Mening qadamim» partiyasi nazoratidagi Milliy majlis (parlament) va prezident Armen Sarkisyan aynan shu tartibga rioya qilmoqchi.

O‘tgan yilning sentabr-noyabr oylarida 44 kun davom etgan Qorabog‘ urushida Ozarboyjonga mag‘lub bo‘linganidan keyin Pashinyanning mavqeyiga putur yetgandi.
Armaniston jamoatchiligining bir qismi 9 noyabr kungi tinchlik kelishuvini mamlakat bosh vaziri tomonidan xalqqa qilingan xiyonat deb hisoblaydi.

O‘sha kelishuvga ko‘ra, Armaniston armiyasi amalda to‘liq taslim bo‘lgan, Ozarboyjon esa 1990-yillar boshida armanistonlik harbiylar tomonidan egallab olingan Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi barcha yetti tumanni qaytarib olgan, shuningdek, sobiq Tog‘li-Qorabog‘ avtonom oblastining bir qismi, shu jumladan, Shushi shahri ustidan nazorat o‘rnatgandi.

Urushdagi mag‘lubiyat armanlar uchun kutilmagan holat edi, chunki so‘nggi kunlargacha arman harbiy propagandasi va Pashinyanning o‘zi ham vaziyat Armaniston armiyasi uchun avvalboshdan halokatli tus olganini tan olmay kelgandi.

Shunga qaramay, Pashinyan va uning «Mening qadamim» bloki muxolifatchilardan ko‘ra yaxshiroq mavqe saqlab qolgan - 2018 yilda Pashinyan shu kuchlarni ag‘darib, hokimiyat tepasiga kelgandi.

Mart oyi oxirida Gallup International tomonidan o‘tkazilgan so‘rov ko‘rsatdiki, «Mening qadamim» har qanday muxolifat partiya bilan alohida raqobat holatida ustun keladi: so‘ralganlarning qariyb 32 foizi shu partiyaga ovoz berishini bildirgan, raqiblar orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan partiya esa prezident Robert Kocharyanning bloki (hali tuzilmagan) bo‘lgan - atigi 6 foiz.

Boshqa tomondan, armanistonlik saylovchilar faol emas - barcha siyosatchilardan ularning hafsalasi pir bo‘lgan: saylovda ishtirok etish niyatini jami saylovchilarning 40 foizigina bildirgan.

So‘rovlarga ko‘ra, Pashinyanning o‘zi mashhurlik borasida faqat ombudsmen Arman Tatoyanga yutqazmoqda va boshqa barcha muxolifatchilarni ortda qoldirgan.

Jurnalist va muxolif siyosatchi Nikol Pashinyan hokimiyatga 2018 yilda tinch inqilob vositasida kelib, bosh vazir Serj Sargsyan o‘rnini egallagandi.

O‘sha yilning dekabrida «Mening qadamim» bloki 70 foiz ovoz olgan holda, navbatdan tashqari saylovlarda g‘olib chiqqandi. «Mening qadamim» shu vaqtgacha Milliy majlisdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismiga egalik qilib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan iste’fo berdi. Lekin u butunlay ketmoqchi emas