BRIKS-2026: global savdo, yangi moliya va mustaqil yo‘laklar

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- BRIKS sammiti yakunlari bo'yicha qabul qilingan bayonotda moliyaviy barqarorlik, muqobil logistika va suveren tenglik tamoyillari asosiy e'tiborga olindi.
- Xalqaro savdoda yakkahokimlikdan ko'p qutbli mexanizmlarga o'tish zarurligi qayd etilib, o'zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish va raqamli tizimlarni integratsiya qilishga kelishildi.
Hindiston poytaxtidagi muazzam anjumanlar majmuasida bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti yakunlari bo‘yicha keng qamrovli rasmiy bayonot qabul qilindi va xalqaro iqtisodiy munosabatlarning yangi strategik yo‘nalishlari tasdiqlandi. Dunyo aholisining salmoqli qismini va jahon savdosining muhim bo‘lagini ifoda etuvchi ushbu muloqot maydonida asosiy e’tibor moliyaviy barqarorlik, muqobil logistika va suveren tenglik tamoyillariga qaratildi.
Muzokaralar davomida xalqaro savdoda yakkahokimlikka asoslangan qoidalardan ko‘p qutbli mexanizmlarga o‘tish zarurligi qayd etildi. Ishtirokchi davlatlar sun’iy cheklovlar, bir tomonlama proteksionistik tariflar va xalqaro qoidalarga zid bo‘lgan iqtisodiy sanksiyalar global bozorga zarar yetkazayotganini bildirdilar. Shu munosabat bilan Butunjahon Savdo Tashkiloti doirasida nizolarni ko‘rib chiqish mexanizmini to‘liq tiklash va ochiq bozor qoidalarini himoya qilish zarurligi ilgari surildi.
Moliyaviy mustaqillikni ta’minlash masalasida umumiy yagona pul birligi yaratish g‘oyasidan butunlay voz kechildi. Buning o‘rniga o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish amaliyotini kengaytirish va to‘lovlarni tezlashtiruvchi mustaqil raqamli tizimlarni integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday yondashuv tashqi savdoda vositachilar va uchinchi tomon bosimiga bog‘liqlikni kamaytirishga, transchegaraviy moliyaviy xavflarni pasaytirishga qaratilgan.
Sammitda dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati cheklangan davlatlarning transport muammolari ham keng muhokama etildi. Janubiy Osiyo yo‘nalishidagi muqobil transport koridorlarini rivojlantirish, portlar va logistika tarmoqlarini bog‘lovchi infratuzilmani mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu tashabbuslar Markaziy Osiyo va O‘zbekiston kabi qit’a ichkarisidagi mintaqalarning jahon dengiz yo‘llariga, xususan Hindiston va qo‘shni bozorlarga erkin chiqishi uchun yangi amaliy imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, texnologik va sanoat xavfsizligi sohasida muhim minerallar bozorini siyosiy ta’sirlardan himoya qilish, yashil energiyaga o‘tishda barcha mamlakatlar uchun teng sharoitlar yaratish hamda raqamli startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlari tasdiqlandi.
Xalqaro tuzilmalar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va moliya institutlari bugungi zamon talablariga moslashtirilishi, ularda rivojlanayotgan davlatlar ovozi ko‘paytirilishi shartligi alohida ta’kidlandi. Nyu-Dehlida erishilgan natijalar global taraqqiyot endi bir tomonlama ko‘rsatmalar emas, balki suveren manfaatlar va o‘zaro manfaatli pragmatik hamkorlik asosida rivojlanishini ko‘rsatmoqda.































Izohlar 0
…