Gretsiyada 22 yil muzlatilgan embriondan qizaloq dunyoga keldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Gretsiyada 54 yoshli ayol 22 yil davomida muzlatilgan embriondan qiz farzandli bo‘ldi.
- Kristina Rapti-Selepi va uning turmush o‘rtog‘i 2025 yilda yo‘l-transport hodisasida vafot etgan o‘g‘li Giorgios xotirasiga Jorjiya ismini qo‘yishdi.
- Gretsiya qonunchiligiga ko‘ra, EKO muolajasi uchun 54 yoshgacha ruxsat berilgan bo‘lsa-da, juftlik maxsus ruxsat olib, muolajani amalga oshirdi.
Gretsiyada tibbiyot tarixida e’tiborga molik voqea qayd etildi. 54 yoshli ayol 22 yil davomida muzlatilgan holda saqlangan embrion yordamida farzandli bo‘ldi.
Kristina Rapti-Selepi va uning 60 yoshli turmush o‘rtog‘i 2025 yilda 21 yoshli o‘g‘li Giorgiosni yo‘l-transport hodisasida yo‘qotgan. Shundan so‘ng juftlik yana bir bor ota-ona bo‘lishga qaror qilgan.
Gretsiya qonunchiligiga ko‘ra, ayollarga EKO muolajasidan foydalanish 54 yoshgacha ruxsat etilgan. Shu sababli Kristina va uning turmush o‘rtog‘i muolajani amalga oshirish uchun maxsus ruxsat olishlariga to‘g‘ri kelgan.
“Menda bor-yo‘g‘i ikki yarim oy vaqt bor edi. Bu juda og‘ir va stressga to‘la jarayon bo‘ldi. Ammo ichki kuch, shifokorimiz va uning jamoasi yordamida barcha to‘siqlarni yengib o‘tdik”, — dedi Kristina.

U 9 sentyabr kuni Afinada 3,49 kilogramm vaznda qiz farzandni dunyoga keltirdi. Chaqaloqqa oila 2025 yilda vafot etgan o‘g‘li xotirasiga Jorjiya deb ism qo‘ydi. E’tiborlisi, Giorgios ham EKO orqali dunyoga kelgan edi.
Kristinaning ta’kidlashicha, ularning asosiy maqsadi oilaga yana quvonch olib kirish va hayotni yangidan boshlash bo‘lgan.
“Biz hayotga ikkinchi imkoniyat berish, yangidan boshlash, uyimizga yangi hayot olib kirish va oilamiz tarixini davom ettirishga qaror qildik”, — dedi u.
Kristinaning ginekologi, shuningdek, Gretsiya reproduktiv tibbiyot jamiyati rahbari Kostas Pantos mamlakatda EKO uchun belgilangan yosh cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi. U bu fikrini Gretsiyada tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasayib borayotgani bilan izohladi.
Juftlik kelajakda yana bir farzandli bo‘lish imkoniyatini ham istisno qilmayapti. Buning uchun zarur bo‘lsa, xorijda davolanish variantini ham ko‘rib chiqishlari mumkin.






























Izohlar 0
…