Ispaniyada erkak oshqozonida 1,3 kilogramm kokain bilan ushlandi

Ispaniyaning Palma-de-Malorka aeroportida g‘ayrioddiy narkotik kontrabandasiga chek qo‘yildi. Belgiyadan uchib kelgan 46 yoshli erkakning organizmida katta miqdorda kokain olib o‘tayotgani aniqlandi.
Ispaniya Milliy politsiyasi ma’lum qilishicha, yo‘lovchi Sharlerua shahridagi aeroportdan parvoz qilgan. Belgiya huquq-tartibot idoralari uning narkotik moddalar tashishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida ispaniyalik hamkasblarini oldindan ogohlantirgan.
Samolyot Malorkaga qo‘ngach, erkak bojxona, Fuqarolik gvardiyasi va politsiya xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgan. U rentgen tekshiruviga yuborilganda, oshqozon-ichak tizimida ko‘plab shubhali jismlar borligi ma’lum bo‘lgan.

Keyinchalik shifoxonada o‘tkazilgan tibbiy muolaja natijasida uning organizmida 109 ta kapsula borligi aniqlangan. Ekspertiza ularning ichidagi modda kokain ekanini tasdiqlagan. Umumiy og‘irlik esa 1,353 kilogrammni tashkil etgan.
Huquq-tartibot idoralari bunday usulda narkotik moddalarni tashish inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlagan. Kapsulalardan birining shikastlanishi organizmning og‘ir zaharlanishiga olib kelishi mumkin.
Tibbiy muolajalar tugagach, gumonlanuvchi sudga olib borilgan. U narkotik moddalar kontrabandasi bo‘yicha tergov ishlari davomida hibsda saqlanishiga qaror qilingan.






























Izohlar 0
…