10:48 / 13.07.2021
3 462

OAV: Turkmaniston «Tolibon» bilan yashirincha muzokaralar o‘tkazgan


«Tolibon» vakillarining Turkmanistonga fevral oyidagi tashrifidan lavha
Foto: «mfa.gov.tm»

«Tolibon» harakatining delegatsiyasi Ashxobodda bo‘lib, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida muzokaralar o‘tkazgan. Turkmanistonning taklifiga binoan amalga oshirilgan tashrif to‘g‘risida Ashxobod birorta rasmiy xabar bermadi. Ammo Ashxoboddagi muzokaralar haqidagi ma’lumotni «Tolibon»ning Qatardagi vakili Muhammad Naim tasdiqladi, deb yozmoqda Asia-Plus.

«Tolibon»ning Qatardagi siyosiy idorasi rasmiy vakili Muhammad Naim «Azatlik» muxbiri bilan telefon orqali suhbatda harakat delegatsiyasining Ashxobodga tashrifini tasdiqladi.

«Ashxobodga ‘Tolibon’ delegatsiyasi rasmiy ravishda tashrif buyurdi. Delegatsiya va Turkmaniston rasmiylari Turkmaniston tashqi ishlar vazirligida muzokaralar o‘tkazdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy va siyosiy aloqalar, xavfsizlik va chegara masalalari muhokama qilindi. Harakat vakillarini Turkmaniston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari kutib oldi», — dedi «Tolibon» rasmiysi.

U delegatsiyaga kim rahbarlik qilgani va Turkmaniston tomonidan aynan kim muzokaralar olib borganiga aniqlik kiritmadi. Ammo «Azatlik»ning Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbalari xabar berishicha, 10 iyul kuni «Tolibon»ning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Sher Muhammad Abbos Stanikzay Ashxobodga tashrif buyurgan. Manbalardan biri da’vo qilishicha, delegatsiya bilan Turkmaniston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Vepa Xadjiyev uchrashgan.

«Azatlik» manbalari 10 iyul kuni harakat vakillarining Ashxobodga tashrifi haqida xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston tomoni «Tolibon» vakillaridan Ashxobodga tashrifi haqida ovoza qilmaslikni so‘ragan.

«Turkmaniston hukumati ‘Tolibon’ vakillarining tashrifi haqidagi ma’lumotlarni yashirmoqda. Bundan tashqari, uning taklifi bilan amalga oshirilgan tashrif chog‘ida Turkmaniston tomoni «Tolibon»dan Ashxoboddagi muzokaralarni sir tutishni iltimos qilgan.
Turkmaniston Kobuldagi rasmiylarni g‘azablantirishni istamagan. Muzokaralarda asosiy e’tibor tajovuz qilmaslik va ehtimoliy qochqinlar oqimini to‘sishga qaratilgan », — dedi «Azatlik» manbasi.

11 iyul kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat yuzasidan bayonot bergan edi. Bayonotda TIV turkman-afg‘on chegarasiga og‘ir harbiy texnikalar joylashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shuningdek, TIV Rossiya ommaviy axborot vositalarini noto‘g‘ri axborot tarqatishda aybladi.

TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, so‘nggi kunlarda bir qator Rossiya OAVlari «turkman-afg‘on chegarasidagi vaziyatga oid tekshirilmagan va ochiqdan ochiq noxolis xabarlarni» tarqatmoqda.

Bayonotda Ashxoboddagi «Tolibon» bilan muzokaralar, shuningdek Afg‘oniston hukumati harbiylari va «Tolibon» jangarilarining Turkmaniston bilan chegaradosh hududlardagi to‘qnashuvlari haqida hech narsa aytilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning fevral oyida «Tolibon» delegatsiyasi Turkmaniston hukumatining taklifiga binoan Ashxobodga tashrif buyurgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » OAV: Turkmaniston «Tolibon» bilan yashirincha muzokaralar o‘tkazgan