Xitoyda noodatiy tashabbus: eng qimmat reklama ekranlarini olimlar egalladi

Xitoyda olimlarning portretlarini shaharlardagi eng ko‘zga ko‘ringan reklama maydonlariga joylashtirish tashabbusi keng tarqalmoqda.
Bu shunchaki internetda tarqalgan uydirma emas. 2026 yil avgust oyidan boshlab Shandun provinsiyasining Xetsze va Szibo kabi shaharlarida savdo markazlarining tashqi ekranlaridagi tijoriy reklamalar o‘rniga mashhur xitoylik olimlarning ulkan portretlari namoyish etila boshlangan. Keyinchalik shunga o‘xshash tashabbuslar boshqa hududlarda, jumladan Anxoy, Ichki Mo‘g‘uliston va Xenan provinsiyalarida ham kuzatilgan. Bu haqda Xitoy Fan va texnika assotsiatsiyasi xabar berdi.
Chjenchjou shahridagi ayrim metro bekatlarida ham reklama joylari xitoylik olimlarning portretlari va ular haqidagi ma’lumotlarga ajratilgan. Ular orasida raketa va kosmik dasturlar rivojiga katta hissa qo‘shgan Syan Syuesen, yadro fizikasi olimi Den Szyasyan, agronom Yuan Lunpin hamda Nobel mukofoti sovrindori Tu Yuyu kabi olimlar bor.
2026 yil sentyabrida Xitoy Fan va texnika assotsiatsiyasi ham mamlakatning turli shaharlarida olimlar portretlari yirik jamoat ekranlari va transport infratuzilmasida namoyish etilayotganini ma’lum qildi. Tashabbus doirasida Szinan shahridagi metro liniyalari, aeroportlar va temiryo‘l vokzallaridagi ekranlardan ham foydalanilayotgani qayd etilgan.
Mazkur kampaniyaning asosiy maqsadi olimlarning jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatish va ilm-fanga qiziqishni targ‘ib qilish ekani ta’kidlanmoqda. Shu tariqa ilgari asosan tijoriy mahsulotlar yoki mashhur shaxslar reklamasiga ajratilgan ko‘zga ko‘ringan joylarda ilm-fan namoyandalari paydo bo‘lmoqda.






























Izohlar 0
…