Milliarder o‘g‘lining 1,2 million dollarlik to‘yi barchani hayratga soldi

Rossiyaning Kabardin-Balqar Respublikasi poytaxti Nalchik shahrida sobiq rahbar va milliarder Arsen Kanokovning 24 yoshli o‘g‘li Albertning to‘yi bo‘lib o‘tdi. U sevgilisi Liliya bilan oila qurdi.
Ommaviy axborot vositalari hisob-kitobiga ko‘ra, tantanali marosimni o‘tkazish uchun 100 million rubldan ortiq, ya’ni qariyb 1,2 million dollar sarflangan.
To‘yga jami 620 nafar mehmon taklif etilgan. Katta tantana uchun qariyb 2 ming kvadrat metr maydonni egallagan «Rida» rezidensiyasi ijaraga olingan. Mehmonlar soni ko‘pligi sababli hududga qo‘shimcha maxsus chodir ham o‘rnatilgan.
To‘y xarajatlarining salmoqli qismi bezaklarga sarflangan. Tirik gullar va uzunligi 40 metr bo‘lgan yo‘lakni bezash uchun qariyb 50 million rubl ajratilgani aytilmoqda.

Elit ichimliklar ham kiritilgan restoran menyusi narxi 8 million rubldan oshgan. Har bir stolga alohida ofitsiant biriktirilgan VIP xizmat uchun esa yana 2 million rubl sarflangan.
Tantanadagi musiqiy dastur ham ancha qimmatga tushgan. Kecha davomida Navai, Anna Asti va Magamet kabi mashhur san’atkorlar sahnaga chiqqan. Ularning to‘ydagi ishtiroki umumiy hisobda 20 million rubldan ziyod baholangan.
Dabdabali marosimda ayol mehmonlarga Dolce & Gabbana brendining to‘plamlari sovg‘a qilingan. To‘y esa katta mushakbozlik va bir necha qavatli ulkan tort bilan yakunlangan.
Milliarder oilasi tashkil etgan ushbu tantana o‘zining ko‘lami va sarflangan mablag‘i bilan ijtimoiy tarmoqlarda ham katta qiziqish uyg‘otgan.






























Izohlar 0
…