
Hisob-kitoblarga ko‘ra, «Tolibon» 60 ming jangchidan iborat / EPA
«Tolibon»ning Afg‘onistondagi harakatlari tajribali mutaxassislarni ham hayratda qoldiradigan darajada tezlashdi. Viloyat markazlari xuddi domino toshlari kabi birin-ketin qulab tushdi.
Garchi shamol «Tolibon» foydasiga esayotgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston hukumati o‘z nazoratini qayta tiklash uchun kurashni davom ettirmoqda.
AQSH razvedkasining shu hafta matbuotga sizdirgan prognoziga ko‘ra, poytaxt Kobul bir necha hafta ichida qamal qilinishi va hukumat 90 kun ichida qulashi mumkin.
Xo‘sh, bu ilgarilash qanday qilib bu qadar tez sodir bo‘ldi?
AQSH va uning NATOdagi ittifoqchilari so‘nggi 20 yil davomida Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini o‘qitish va uning ta’minoti bilan band bo‘ldi.
Ko‘p sonli amerikalik va ingliz generallari kuchli va malakali afg‘on armiyasi yaratilganini aytishdi, ammo bugun bu iddaolarning ichi bo‘sh ekani yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi.
«Tolibon» kuchlari
Nazariy jihatdan, nisbatan katta kuchga ega bo‘lgan Afg‘oniston hukumati bir qadam oldinda ko‘rinadi.
Raqamlarga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari 300 mingdan ziyod askarga ega. Bu raqamga afg‘on armiyasi, havo kuchlari va politsiya ham kiradi.
Ammo, aslida, mamlakatda harbiy ishga joylashish masalasi hamisha muammo bo‘lib kelgan. Afg‘oniston harbiylari va politsiya kuchlari ko‘plab qurbonlar, qochoqlar va korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan tarixga ega. Ayrim generallar aslida mavjud bo‘lmagan – «arvoh askarlar» deb ataluvchilarning maoshlarini o‘zlashtirib kelgani haqidagi da’volar ham bor.

Afg‘on armiyasi / EPA
Afg‘onistonni qayta tiklash maxsus inspeksiyasi (SIGAR) «korrupsiyaning korroziyali ta’siridan xavotirlari» borligini va haqiqiy harbiy kuch haqidagi ma’lumotlar «shubhali» ekanini bildirdi.
Angliyadagi mudofaa va xavfsizlik tadqiqot instituti Royal United Services Institute xodimi Jek Uotlingning fikricha, afg‘on harbiylarining haqiqiy kuchi borasida hech qachon aniq bir ma’lumot bo‘lmagan.
Uotlingga ko‘ra, armiyadagi muammolar shu bilangina tugamaydi. Askarlar ko‘pincha hech qanday oilaviy aloqalari bo‘lmagan joylarga yuboriladi va ular hatto jang qilmasdan ham o‘z xizmat joylarini tark etishadi.
«Tolibon»ning kuchini o‘lchash esa yanada qiyinroq.
AQSH Harbiy akademiyasi Terrorizmga qarshi kurash markazining ma’lumotlariga ko‘ra, «Tolibon» 60 ming jangchidan iborat. Toliblarni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa harbiy guruhlar bilan birgalikda bu raqam 200 mingdan oshishi mumkin.
Britaniya armiyasining sobiq ofitseri Mayk Martin «Tolibon»ni monolit guruh sifatida ko‘rish xavfini ko‘rsatadi. «Tolibon» mustaqil guruhlarning bo‘sh va ehtimol, vaqtinchalik koalitsiyasi bo‘lishga yaqinroq», deydi Martin. Uning fikricha, Afg‘oniston hukumati ham xuddi shu tarzda mahalliy fraksiyalarning bo‘linishini aks ettiradi. Mayk Martin oilalar, qabilalar va davlat amaldorlari omon qolish maqsadida Afg‘onistonda qanday taraf tutishganini ham eslatadi.
Qurol ta’minoti
Afg‘oniston hukumati moliyaviy imkoniyat va qurol-yarog‘ sotib olish masalasida ham ustunlikka ega.
Hukumat, asosan, AQSHdan keluvchi milliardlab dollarlik yordam hisobiga askarlarning maoshi va uskunalar xarajatlarini qoplaydi. SIGAR’ning 2021 yil iyuldagi hisobotida Afg‘oniston xavfsizligiga 88 milliard dollar sarflangani qayd etiladi.
Shu bilan birga, hisobotda aytilishicha, bu pulning haqiqatan ham to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri sarflanishi sohadagi jang taqdirini belgilab berishi aytiladi.
Urush sur’atining borishida Afg‘oniston harbiy havo kuchlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Biroq «Tolibon» asosan uchuvchilarni nishonga ola boshlagach, 211 samolyotdan foydalanish masalasi muammoga aylandi. Komandirlarning talablarini qondirish qiyinlashmoqda.
Lashkargoh kabi «Tolibon» hujumiga uchragan shaharlarda AQSH harbiy-havo kuchlari faol. Biroq bu qo‘llab-quvvatlash qanchagacha davom etishi ma’lum emas.

«Tolibon» hujumidan qochgan minglab odamlar Kobuldagi lagerlarda boshpana topmoqda / REUTERS
Ta’kidlanishicha, «Tolibon» narkotik savdosidan daromad qilish bilan bir qatorda Pokistondan ham yordam oladi.
Boshqa tomondan, AQSH Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga bergan qurol va o‘q-dorilar ham «Tolibon»ning qo‘liga o‘tmoqda.

Afg‘oniston hali ham sovet bosqinidan qolgan qurollar bilan to‘la. «Tolibon» vaqtinchalik qo‘shin bilan ancha tartibli kuchni ham mag‘lub etish mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Shu o‘rinda, qo‘lbola bombalarning AQSH va Britaniya kuchlariga keltirgan halokatli oqibatlarini yodga olish kifoya. «Tolibon»ning sohani yaqindan bilishi ham uning ustun jihatlaridan biridir.
Diqqat markazi, shimoliy va g‘arbiy mintaqalar
«Tolibon»ning o‘ziga xos tabiati bir tomonga, harbiy ekspertlar so‘nggi paytlarda yaxshi muvofiqlashtirilgan reja alomatlarini ko‘rishmoqda.
Toliblar o‘zlari azaldan kuchli bo‘lgan janubiy viloyatlari o‘rniga shimol va g‘arbga yo‘naltirilgan hujumlarga katta e’tibor qaratmoqda.
Tashkilot muhim nuqtalardagi chegara va nazorat punktlarini qo‘lga kiritdi va pul taqchilligi muammosiga duch kelayotgan hukumatning bojxona daromadlarini ham kesib qo‘ydi.
Shuningdek, toliblar asosiy amaldorlar, huquq himoyachilari va jurnalistlarni ham o‘ldirishdi.
Afg‘oniston hukumatining strategiyasini tavsiflash ham juda qiyin.
Hukumatning «Tolibon» qo‘lga olgan barcha hududlarni qaytarib olish haqidagi va’dalari ishonchsiz.
Britaniya armiyasining sobiq ofitseri Ben Barrining fikricha, katta shaharlarni himoya qilish rejasi mavjud. Lekin bu qancha vaqt olishi mumkin? Afg‘oniston maxsus kuchlarining soni unchalik ko‘p emas – taxminan 10 ming kishidan iborat.
«Tolibon» targ‘ibot urushida ham ilgarilab ketdi. Barrining ta’kidlashicha, mavjud vaziyat «Tolibon»ga ruhiy kuch bag‘ishlamoqda va uning birlik hissini kuchaytirmoqda.
So‘nggi bosqich nima bo‘ladi?
Afg‘oniston hukumati uchun vaziyat noaniq ko‘rinmoqda. Mudofaa bo‘yicha ekspert Jek Uotlingning fikricha, afg‘on harbiylarining ahvoli pessimizmga yaqin, lekin siyosatdagi vaziyatni yaxshilash mumkin.
Agar hukumat qabila boshliqlarini o‘ziga qarata olsa, vaziyat o‘zgarishi mumkin.
Mayk Martin Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Abdulrashid Do‘stumning qaytishini muhim, deb baholamoqda.
Marshal Do‘stum prezident Ashraf G‘ani bilan birga hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarni safarbar qilish uchun azaldan toliblarga qarshi kurashuvchi Mozori-Sharifda bo‘lib turibdi.
Yoz oylariga tamg‘a urgan urush Afg‘onistonda qish boshlanishi bilan to‘xtashi mumkin. Yil oxirigacha Afg‘oniston hukumatining Kobul va yirik shaharlarni ushlab turishi orqali muvozanat holati paydo bo‘lish ehtimoli mavjud.
Agar «Tolibon» ichida «yoriq»lar paydo bo‘lsa, manzara butunlay o‘zgarishi hech gap emas.
Ammo hozircha AQSH va NATOning Afg‘onistonni «barqarorlashtirish» harakatlari sovetlarning urinishi kabi befoyda ko‘rinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar