02:09 / 16.08.2021
4 432

Toliblar Afg‘onistonni egalladi. Nima uchun bu voqeaning oqibati butun dunyo uchun ayanchli bo‘lishi mumkin?

Toliblar Afg‘onistonni egalladi. Nima uchun bu voqeaning oqibati butun dunyo uchun ayanchli bo‘lishi mumkin?
Afg‘oniston armiyasidan tortib olingan texnikada ketayotgan toliblar, 2021 yil 15 avgust.
Foto: AFP / Meduza

«Tolibon» 15 avgust kuni butun Afg‘oniston uning nazorati ostiga o‘tganini e’lon qildi. Tashkilot mamlakatni — AQSH u yerdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketgach — sanoqli haftalar ichida bosib oldi. Meduza Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi eksperti Andrey Serenko bilan suhbatda yuz bergan voqelik qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

— Chetdan qaraganda mazkur bosqinni keltirib chiqargan eng asosiy hodisa — bu Amerika qo‘shinlarining chiqib ketishi. Aslida ham shundaymi?
— Omillardan biri shu. Biroq AQSH chiqib ketganidan keyin ham hamma «amerikaliklar afg‘on hukumatini havodan qo‘llab-quvvatlab turadi», deb o‘ylagandi. Amerikaliklarning o‘zi ham shunday bo‘lishi aniqligini anglatuvchi ishoralar berayotgandi. Biroq amalda qo‘llab-quvvatlash darhol to‘xtatildi hisob. Aynan havodan ko‘makning bo‘lmagani Afg‘oniston suyangan xasni yo‘qqa chiqardi. Bu hal qiluvchi rol o‘ynadi. Shundan keyin afg‘onlarning toliblarga qarshilik ko‘rsatish uchun shunchaki kuchi yetmay qolgan bo‘lardi.

Boshqa tomondan, Afg‘onistondagi urushni tugatish uchun Pokistonga ommaviy bosim o‘tkazish, unga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar va boshqa choralarni ko‘rish lozim edi. Toliblarning tayyorgarlik lagerlari, bu odamlarning bizneslari va boshqalar aynan o‘sha yerda joylashgan. «Tolibon» amalda Pokiston armiyasining gibrid bo‘linmasi. Pokistonga bosim o‘tkazilsa edi, toliblar masalasi bir necha oy ichida hal qilingan bo‘lardi. Hozir esa biz amalda Pokistonning gibrid urushda Afg‘oniston ustidan qozongan g‘alabasiga guvoh bo‘lib turibmiz.

— Nega AQSH Pokistonga bosim o‘tkazmadi?
— Istasangiz, meni fitna nazariyalarida ayblashingiz mumkin, ammo menga «AQSH Afg‘onistonni ongli ravishda berib yubordi», degan fikr borgan sari ishonarlidek ko‘rinmoqda. Pokiston — bu 200 million aholi yashaydigan, yadroviy quroli bor mamlakat. Mamlakat elitasining amerikaliklar bilan munosabatlari murakkab. Shu bois barcha jihatlarni hisob-kitob qilib chiqib, «Afg‘onistonni Pokistonga topshirish kerak», degan xulosaga kelishgan. Amalda bu AQSH rasmiylarining Pokiston bilan kelishuvi.

— Rossiya bundan qanday oqibatlarni kutishi kerak?
— Oqibatlar bo‘ladi. Hech qanday yaxshilik bo‘lmaydi. Bu yerda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir necha jihatlar bor. Birinchidan, «Tolibon» — bu faqat toliblar, degani emas. Bu yerda boshqalar ham bor. Masalan, kim nima desa ham, toliblar «Al-Qoida» bilan aloqani hech qachon uzib yubormaydi. Ular o‘rtasidagi aloqa oilaviy munosabatlar darajasiga chiqib ketgan.

Lekin hozirgi holatdagi eng qo‘rqinchli jihat — bu jarayon diniy aqidaparastlikning butun dunyo bo‘ylab zo‘r reklamasi vazifasini o‘tab berayotgani. Chetdan hammasi xuddi diniy aqidaparastlar katta, kuchli bir davlat (AQSH) ustidan g‘alaba qozongandek, uni tiz cho‘ktirgandek ko‘rinadi. Hozir «Tolibon» urfdagi diniy aqidaparastlik brendiga aylanmoqda. Rossiyada, Kavkazda, Markaziy Osiyoda «Tolibon» modasi paydo bo‘lishini kutaversa bo‘ladi. Tolib bo‘lish modaga aylanadi.

Yana bir jihati borki, ISHIDdan farqli ravishda, «Tolibon» hech kimni ommaviy tarzda Afg‘onistonga chaqirmaydi. Hech qayerga ko‘chish ham shart emas. Bu yashash joyidan turib amalga oshiriladigan aqidaparastlik. Ko‘p qavatli uydagi xonadoningizdan chiqib, yo‘lakda tolibga duch kelib qolishingiz ehtimolini inkor qilib bo‘lmaydi.

Shu bois bizni Rossiyaning «Tolibon» bilan osh-qatiq bo‘lishining to‘lovi kutib turibdi, deb qo‘rqaman. Va bu to‘lov teraktlarda halok bo‘ladigan oddiy odamlar vositasida amalga oshiriladi. «Tolibon» a’zolari orasida hozir hudkush-terrorchi bo‘lishga ishtiyoq kuchli. Lekin hozir ular Afg‘onistondagi hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Endi shuncha hudkushni qayerga yo‘qotadi?

Pokiston va Afg‘oniston chegarasi, 2021 yil 15 avgust.
Foto: AFP / Meduza

— Siz «diniy aqidaparastlik reklamasi» haqida gapirdingiz. Shunda bu ISHID Suriyaning katta qismini egallab olgandagi vaziyat takrorlanyapti, deganimi?
— Aynan shunday.

— Yaqin vaqt ichida Afg‘oniston ichkarisida nimalar bo‘ladi?
— Menimcha, diniy aqidaparastlik guruhlarining qayta brendlashtirilishini kutish mumkin. ISHID, «Al-Qoida» va boshqa guruhlar safidagi odamlar «Tolibon»ga qo‘shila boshlaydi. Bu jarayon hozir ham kuzatilmoqda.

Oddiy afg‘onlarni esa hech qanday yaxshilik kutayotgani yo‘q. Hozir mamlakat bir gapni gapirib, boshqa ishni qiladigan aqidaparastlik guruhi tomonidan bosib olinmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, toliblar — axborot kampaniyalarini olib borish ustasi. Ular afg‘on hukumatiga qarshi axborot urushida g‘alaba qozondi. Shu bois, ehtimol, aholi hozir Stokgolm sindromi holatida turgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu holat uzoq vaqt davom etmaydi. Tez orada jazolash ishlari, milliy ozchilik vakillarini ta’qib qilish, mahalliy amaldorlarni bosqichma-bosqich Pokistondan kelgan odamlar bilan almashtirish kabilar boshlanadi.

Afg‘onistonda hozir, mazmunan, mustamlakachilik ma’muriyati shakllantirilmoqda. Afg‘oniston toliblar tomonidan boshqariladigan Pokiston mustamlakasiga aylanadi. Bu holat qachongacha davom etishini bilmayman, ammo yaqin istiqbolda shunday bo‘lishi aniq.

— Bayden ma’muriyati hozir o‘zini qo‘lga olib, Afg‘onistonda qandaydir jiddiy harakatlar boshlab qolishiga hech qanday umid yo‘qmi?
— Afg‘onistonda nimadir qilishga endi kech bo‘ldi. Pokiston masalasi ochiq qolmoqda. Amerika nimadir qilishi mumkinligini nazariy jihatdan istisno qilib bo‘lmaydi. AQSHning avvallari nimadir qilishiga Afg‘onistonda o‘z qo‘shini borligi, uning ta’minoti esa Pokiston orqali amalga oshirilishi xalal bergan. Nimadir bo‘lsa, Pokiston ta’minotni shunchaki yopib qo‘yishi mumkin edi. Hozir bu omil yo‘q, qaysidir ma’noda AQSHning qo‘li yechilgan.

Biroq ular Afg‘onistondagi o‘z ittifoqchilariga xiyonat qilishdi. Amalda butun mamlakatga xiyonat qilinganini shubha ostiga olib bo‘lmaydi. Manbalarimizning aytishicha, hozir afg‘onistonliklarning Amerika va NATOni ko‘rgani ko‘zi yo‘q.

Shunday ekan, ahvol yomon. Bizni og‘ir kunlar kutmoqda. Biz yangi aqidaparastlik modasining dunyoga kelishini kuzatmoqdamiz. Bu aqidaparastlarni afg‘on chegaralari tutib qololmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Toliblar Afg‘onistonni egalladi. Nima uchun bu voqeaning oqibati butun dunyo uchun ayanchli bo‘lishi mumkin?
[/banner_pushhouse