12:33 / 27.09.2021
884

JSST koronavirusning kelib chiqishini o‘rganishni yangi jamoa bilan davom ettiradi

JSST koronavirusning kelib chiqishini o‘rganishni yangi jamoa bilan davom ettiradi
Foto: Reuters
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) olimlarning yangi jamoasi bilan SARS-CoV-2 koronavirusining kelib chiqishi bo‘yicha qayta tekshiruv boshlaydi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi. Guruh laboratoriya xavfsizligi, biologik xavfsizlik va genetika, shuningdek, hayvonlar kasalliklari bo‘yicha mutaxassislardan iborat 20 ga yaqin kishini o‘z ichiga oladi. Tadqiqotni Xitoy va boshqa mamlakatlarda o‘tkazish rejalashtirilgan.

JSST tekshiruvining yangi bosqichi haqida tadqiqotchilarning birinchi guruhi Xitoyning Uxan shahridan qaytganidan bir necha oy o‘tgach e’lon qilindi. Dastlabki bosqich yakunida mutaxassislar SARS-CoV-2 paydo bo‘lishining to‘rtta versiyasini taqdim etgandi, ular orasida haqiqatga eng yaqini koronavirusning odamlarga vositachi hayvon orqali ko‘rshapalaklardan yuqishi versiyasi edi. Shu bilan birga, virusning Uxandagi laboratoriyadan sizib chiqishi ehtimolini JSST «juda kam» deb baholagan.

Yangi guruh JSSTga kelajakda infeksiya tarqalishining oldini olishda zarur ma’lumotlarni topishga, shuningdek, inson xatti-harakatlari yangi kasalliklarning paydo bo‘lishiga ta’sir qiladimi yoki yo‘qligini aniqlashga yordam beradi. Ushbu missiya doirasida mutaxassislar hozirgi pandemiya sabablarini, shu jumladan koronavirus sun’iy kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini tekshiradi.

AQSH rasmiylari, jumladan, davlat kotibi Entoni Blinken, JSSTning tekshiruvni qayta boshlashini talab qilgan, deb yozadi WSJ. O‘z navbatida Xitoy ushbu tashkilotdan virusning kelib chiqishini o‘rganayotganda boshqa mamlakatlarga, masalan, Italiya va AQSHga e’tibor qaratishni talab qilgan.

Yangi guruh a’zolari shu hafta oxirigacha tanlanishi kutilmoqda. Biroq jamoa Xitoyda ishlash uchun ruxsat oladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Pekin birinchi tadqiqotni o‘tkazgan guruh bilan «to‘liq hamkorlik qilganini» aytdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida nutq so‘zlab, «Xitoy COVID-19 ning kelib chiqishi bo‘yicha ilmiy asoslangan tadqiqotlarga rioya qiladi va unda faol qatnashadi, har qanday siyosiy manipulyatsiyaga keskin qarshi chiqadi», dedi.

Fevral oyida JSST missiyasi ishtirokchilaridan biri Dominik Duayer Xitoy rasmiylari mamlakatda COVID-19 ning birinchi holatlari bo‘yicha o‘z tadqiqotlarini mutaxassislar bilan bo‘lishganini lekin ularga virusning qachon va qanday tarqalishini aniqlashga yordam beradigan ma’lumotni ko‘rishga ruxsat bermaganini aytgandi.

Keyinchalik, JSST rahbari Tedros Gebreyesus, tashkilot SARS-CoV-2 kelib chiqishining barcha versiyalarini, shu jumladan laboratoriyadan sizib chiqish variantini ko‘rib chiqayotganini aytdi. U Xitoyni ochiq hamkorlikka chaqirib, to‘liq ma’lumot bu variantni istisno qilishga yordam berishini ta’kidladi.

Avgust oyi oxirida AQSH Milliy razvedka boshqarmasi koronavirusning kelib chiqishi haqida hisobot taqdim etdi. Muassasa xodimlari virus Xitoy tomonidan biologik qurol sifatida ishlatish uchun yaratilmagan, Xitoy hukumati esa kasallikning birinchi o‘choqlari paydo bo‘lgunga qadar SARS-CoV-2 haqida bilishmagan degan xulosaga keldi. Biroq razvedka xulosasiga ko‘ra, virusning sun’iy kelib chiqishi haqidagi gipotezani rad etish uchun yetarli dalillar yo‘q.

Xitoy bu hisobotni ilmiy jihatdan noaniq deb topdi. Unga ko‘ra, AQSH razvedkasi o‘z xulosalarini XXRning «aybdorligi haqidagi taxminga» asoslagan. Pekin Vashingtonni «koronavirusning kelib chiqishini siyosiylashtirishni to‘xtatishga» chaqirdi. Xitoylik olimlar SARS-CoV-2 qanday paydo bo‘lgani to‘g‘risida o‘z tadqiqotlarini olib bordi va uning sun’iy yaratilgani ehtimoldan yiroq degan xulosaga keldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » JSST koronavirusning kelib chiqishini o‘rganishni yangi jamoa bilan davom ettiradi
[/banner_pushhouse