Foto: Globalsentinelng.com
So‘nggi kunlarda butun dunyoning e’tibori Rossiya—Ukraina urushiga qaratilgan. Dunyoning yetakchi mamlakatlari rahbarlari, mashhur insonlar, umuman, qalbida zarracha bo‘lsa ham insoniylik qolgan kimsa borki, bu urush tezroq tugashini istamoqda. Chunki sababi-yu bahonasidan qat’i nazar, har qanday urush — bu yetim qolgan bolalar, beva ayollar, farzand dog‘ini ko‘rishga majbur bo‘lgan ota-onalar degani...
Urushga doir xabarlar ichida NATO degan tashkilot nomi ham bot-bot ko‘zga tashlanmoqda. Xo‘sh, NATO nima o‘zi? Qachon va nima maqsadda tashkil etilgan? Uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
NATO — Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti bo‘lib, Yevropaning aksariyat davlatlarini, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Kanadani birlashtirgan harbiy-siyosiy blok.
Mazkur blok 1949 yil 4 aprelda Yevropani SSSR ta’siridan himoya qilish maqsadida AQSHda tashkil etilgan. Dastlab tashkilotga 12 ta mamlakat a’zo bo‘lgan. Bular — AQSH, Kanada, Islandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Luksemburg, Norvegiya, Daniya, Italiya va Portugaliya. Eng qizig‘i, Sobiq Ittifoq davlati ham NATOga a’zo bo‘lish uchun 1954 yilda ariza bergan. Ammo bu ariza tashkilot tomonidan rad etilgan.
Hozirda NATOga a’zo davlatlar soni 30 taga yetgan. So‘nggi bo‘lib 2020 yilda Shimoliy Makedoniya harbiy alyans a’zosiga aylandi.
Foto: Nato.int
NATOning belgilangan maqsadlaridan biri tashkilotga a’zo davlatlar hududiga qarshi har qanday tajovuzni to‘xtatish va mudofaani ta’minlashdir. 2010 yilda NATO «Faol hamkorlik, zamonaviy mudofaa» strategik konseptsiyasida tashkilotning 3 ta asosiy vazifasini ko‘rsatib o‘tdi: jamoaviy mudofaa, inqirozni boshqarish va hamkorlikda xavfsizlikni ta’minlash.
NATOning dastlabki harbiy operatsiyasi 1992 yil 16 iyulda sobiq Yugoslaviya hududida boshlangan bo‘lib, «Dengiz monitori» deb nomlangan.
Yugoslaviyaning parchalanishi va bu parchalanishdan keyin tez o‘zgarib borayotgan siyosiy vaziyat NATOning birinchi marta o‘z hududidan tashqariga chiqishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
Foto: Rferl.org
NATOning 21-asrdagi harbiy operatsiyalari Afg‘oniston va Liviyada o‘tkazilgan. 2001 yildan 2014 yilgacha, naq 13 yil Afg‘onistonda davom etgan harbiy harakatlarni NATO «Xavfsizlikni ta’minlashning xalqaro kuchlari» deb nomladi. Ushbu harakatlarga alyansga a’zo mamlakatlarning 130 mingdan ortiq harbiylari jalb qilindi.
Shuningdek, 2011 yil NATO harbiy bloki BMTning qaroriga asosan Liviyada «Birlashgan mudofaachi» deb nomlangan operatsiya o‘tkazgan. Bu harakatlarga BMT nizomining 7-bob 42-moddasi asos qilib ko‘rsatilgan bo‘lib, unda agar boshqa chorasi bo‘lmasa, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni kuch bilan saqlash yoki ta’minlash belgilangan.
Foto: Militarytimes.com
Rossiya—Ukraina urushiga NATOning qanday aloqasi bor, degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ba’zi qo‘shni mamlakatlarning agressiyasidan himoyalanish maqsadida o‘z davlatini NATOga a’zolikka qabul qilishni so‘ramoqda. Bu esa, tabiiyki, Ukrainaning qo‘shnilaridan biri bo‘lgan Rossiyaga ma’qul kelmayapti.
Vladimir Putin NATOning Sharqqa qarab kengayishi va buning oqibatida Ukraina hududida uzoq masofaga zarba yo‘llashi mumkin bo‘lgan qurollarning joylashtirilishiga mutlaqo qarshi. Bu qarshilik natijasida biz hozir Ukrainada guvoh bo‘layotgan vaziyat yuzaga keldi.
O‘zbekistonning NATO bilan aloqalari qanday?
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari mamlakat hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarning O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik pozitsiyasini tanlagan va bu yo‘nalishda qat’iy turadi.
Foto: Perconcordiam.com
1995 yilda O‘zbekiston NATOning «Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik» dasturiga qo‘shilgan bo‘lib, aynan shu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirmoqda.
Xususan, O‘zbekiston NATOni zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashishda muhim hamkor deb biladi va aloqalarni rivojlantirish tarafdori. Bu haqida O‘zbekistonning NATOdagi missiyasi rahbari, elchi Dilyor Hakimov o‘tgan yili oktabrda Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibining yangi tayinlangan o‘rinbosari, Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashuvda ma’lum qilgan. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”