Flutterwave startapi Ripple investitsiyasi evaziga 3,2 milliard dollarga baholandi

Afrikaning eng yirik toʻlov infratuzilmasi operatorlaridan biri boʻlgan Flutterwave kompaniyasi navbatdagi investitsiya raundini yakunlaganini eʼlon qildi. Mazkur moliyalashtirish bosqichidan soʻng startapning umumiy bozor qiymati 3,2 milliard dollarga yetdi. Ushbu raundning eng eʼtiborli jihati shundaki, unga blokcheyn texnologiyalari sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblangan Ripple kompaniyasi sarmoyador sifatida qoʻshildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozircha kompaniya ushbu bosqichda aynan qancha mablagʻ jalb qilinganini ochiqlamadi, biroq Flutterwave vakillarining soʻzlariga koʻra, loyihaga tikilgan umumiy investitsiyalar hajmi 500 million dollardan oshib ketgan. Ripple tomonidan kiritilgan ulush ikki kompaniya oʻrtasidagi strategik hamkorlikning bir qismi boʻlib, u Afrika qitʼasida raqamli moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Transchegaraviy toʻlovlardagi toʻsiqlar va yangi yechimlar
Flutterwave asosan transchegaraviy toʻlovlar sohasida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Afrikada xalqaro pul oʻtkazmalari bank tizimlarining tarqoqligi, valyuta kurslarining beqarorligi va qatʼiy nazorat tufayli ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Koʻp hollarda qitʼa ichidagi tranzaksiyalar London kabi Yevropa shaharlari orqali amalga oshiriladi, bu esa ortiqcha kechikishlar va xarajatlarga sabab boʻladi.Flutterwave ushbu muammolarni API texnologiyalarini birlashtirish orqali hal etishni maqsad qilgan. Bu butun Afrika bozorini yagona moliyaviy makon sifatida ishlashiga imkon beradi. Kompaniya joriy yil boshida Mono bank startapini sotib olib, oʻzining texnologik bazasini yanada mustahkamlagan edi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Flutterwave oʻtgan oyda Polygon Labs bilan hamkorlikda biznes uchun steyblkoin (stablecoin) yechimlarini ham joriy qildi. Ushbu texnologiya anʼanaviy bank tizimlarini chetlab oʻtgan holda, mablagʻlarni tezroq va arzonroq oʻtkazish imkonini beradi. Ripple bilan hamkorlik esa kompaniyaga raqamli aktivlar bilan ishlash infratuzilmasini yanada takomillashtirishga yordam beradi.
Ripple uchun ham bu kelashuv strategik ahamiyatga ega, chunki kompaniya Afrika bozorida oʻz oʻrnini mustahkamlashga intilmoqda. Hozirda Flutterwave qitʼaning 35 ta davlatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu hamkorlik mintaqadagi moliyaviy inklyuzivlikni oshirishi va kriptovalyuta texnologiyalarining real iqtisodiyotga integratsiyasini tezlashtirishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…