Mutaxassislar ogohlantirdi: 30 yoshdan keyin hayot o‘zgaradi

Mutaxassislar ogohlantirdi: 30 yoshdan keyin hayot o‘zgaradi

Ko‘pchilik 30 yoshdan keyin hayotga nisbatan munosabati o‘zgarayotganini his qila boshlaydi. Ilgari muhim bo‘lgan narsalar ahamiyatini yo‘qotadi, kelajak haqida xavotirlar kuchayadi va inson o‘z hayotini qayta baholashga kirishadi. Mutaxassislar bu holatni o‘rta yosh inqirozi deb atashadi.

Bu davr odatda 35–50 yoshlar oralig‘ida kuzatilsa-da, ba’zi insonlarda 30 yoshdan keyin ham boshlanishi mumkin. Inson o‘z orzu-maqsadlarini voqelik bilan solishtira boshlaydi, vaqtning cheklanganini anglaydi va hayotida o‘zgarish qilish istagi paydo bo‘ladi.

O‘rta yosh inqirozining asosiy sabablari qatoriga ro‘yobga chiqmagan orzular, gormonal va fiziologik o‘zgarishlar, farzandlarning ulg‘ayishi, ajrim, yaqin insonlarni yo‘qotish, ishdagi bir xillik va hayot mazmunini qayta izlash kiradi. Shuningdek, jamiyatning ma’lum yoshgacha katta yutuqlarga erishish haqidagi qoliplashgan qarashlari ham insonga bosim o‘tkazadi.

Bu holat bir necha oydan 3–5 yilgacha davom etishi mumkin. Biroq atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi va o‘zgarishlarga tayyorlik bu jarayonni yengillashtirishga yordam beradi.

Inqirozning asosiy belgilari orasida o‘z hayotidan qoniqmaslik, ish yoki yashash joyini o‘zgartirish istagi, o‘tmishni ko‘p eslash, tushkunlik, xavotir, yolg‘izlik hissi, zerikish va o‘zini boshqalar bilan taqqoslash holatlari uchraydi. Ayrim insonlar esa oilasi va do‘stlaridan uzoqlashib ketishi mumkin.

Erkaklarda bu davr ko‘proq o‘z mavqei va yutuqlarini qayta baholash, kuch va jozibadorlikni yo‘qotish qo‘rquvi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ayollarda esa gormonal o‘zgarishlar, tashqi ko‘rinish va oiladagi o‘rnini qayta anglash bilan kechadi.

Bir erkak tushkun holatdagi ayolning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, unga tasalli bermoqda.

Mutaxassislar bu davrni yengil o‘tkazish uchun his-tuyg‘ularni yashirmaslik, shoshilinch qaror qabul qilmaslik, maqsad va qadriyatlarni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etadi. Shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, sifatli uyqu, yaqinlar bilan muloqot va yangi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish ham muhim ahamiyatga ega.

Eng muhimi, o‘zingizni boshqalar bilan taqqoslamang. Har bir insonning hayot yo‘li o‘ziga xos. Agar tushkunlik va xavotir kundalik hayotga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlasa, psixolog yoki psixoterapevtga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, o‘rta yosh inqirozi hayotning tugashi emas, balki inson uchun yangi va mazmunli bosqichning boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar