Uy hayvonlari ham egasining xarakteridan ta’sirlanadimi?

Uy hayvonlari inson hayotiga nafaqat quvonch va mehr, balki mas’uliyat ham olib kiradi. Olimlarning fikricha, it va mushuklarning xulq-atvori vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi, bunda ularning egalari bilan munosabati ham muhim o‘rin tutishi mumkin.
Michigan shtati universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan va Journal of Research in Personality jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, itlarning shaxsiyati butun hayoti davomida bir xil qolmaydi.
Tadqiqotchilar hayvonlarning xarakteri va ularning egalariga xos psixologik xususiyatlar o‘rtasida ma’lum bog‘liqlik mavjudligini aniqlagan.
Xususan, ochiqko‘ngil va kirishimli insonlarning it hamda mushuklari ko‘proq mehribon, faol va muloqotga moyil bo‘lishi kuzatilgan. Tez-tez xavotirlanadigan va hissiy jihatdan beqaror odamlarning uy hayvonlarida esa qo‘rquv, bezovtalik va ba’zan tajovuzkorlikka moyillik ko‘proq uchrashi mumkin.
Olimlar kuzatuvlar davomida hayvonlarning turli xarakter xususiyatlarini o‘rganib, ularni egalarining shaxsiy fazilatlari bilan taqqoslagan.
Natijalarga ko‘ra, uy hayvonlarining faolligi, odamlarga munosabati va moslashuvchanligi yosh o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin. Biroq xavotir va qo‘rquvga moyillik nisbatan barqaror xususiyat bo‘lib chiqqan.
Bu uy hayvonining xulqi faqat uning zoti yoki tabiiy xususiyatlariga emas, balki yashash muhiti, tarbiyasi, boshidan kechirgan voqealari va insonlar bilan munosabatiga ham bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Uy hayvoni bolaga nimani o‘rgatadi?
Ko‘p oilalar farzandlari ulg‘aya boshlagach, uy hayvoni asrab olish haqida o‘ylaydi. It, mushuk yoki boshqa jonivor bolaga mehr ko‘rsatish, tirik mavjudotning ehtiyojlarini tushunish va mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgatishi mumkin.
Hayvon bilan birga o‘sgan bolada sezgirlik, rahm-shafqat va g‘amxo‘rlik hissi rivojlanadi. U faqat o‘zi haqida emas, boshqa tirik mavjudotning holati haqida ham o‘ylashni o‘rganadi.
Biroq uy hayvoni o‘yinchoq emas. Uni uyga olib kelish bilan oila zimmasiga doimiy majburiyat tushadi.
Hayvonni o‘z vaqtida oziqlantirish, suv berish, sayr qildirish, yashash joyini tozalash, salomatligini nazorat qilish va zarur paytda veterinarga olib borish kerak.
Uni uzoq vaqt qarovsiz qoldirish yoki bolaning qiziqishi so‘nganidan keyin e’tiborsiz tashlab qo‘yish mumkin emas. Shuning uchun uy hayvonini asrab olishdan oldin butun oila bu qarorga tayyor bo‘lishi lozim.
Hayvonning moslashuvida yosh va o‘tmish muhim
Uy hayvonining yangi xonadonga qanchalik tez o‘rganishi ko‘p jihatdan uning yoshi va avvalgi hayot tajribasiga bog‘liq.
Juda yosh paytida olingan kuchuk yoki mushukcha yangi oilaga nisbatan tezroq moslashishi mumkin. Kattaroq yoshda boshpanadan yoki pitomnikdan olingan hayvonga esa ko‘proq vaqt, sabr va xavfsiz muhit kerak bo‘ladi.
Uyiga kuchuk asrab olgan fuqarolardan biri shunday hikoya qiladi:
«Itimizni ikki oyligida olib kelganmiz. U bizga juda tez o‘rganib qoldi va doimo yonimizda bo‘lishni istardi».
Boshqa bir oila esa ikki yoshli itni pitomnikdan olib ketgan. Dastlab u juda qo‘rqoq bo‘lgan va oshxonada odam turganida hatto ovqatga yaqinlashmagan.
«Men kartondan kichik uychalar yasab, ularni choyshab bilan o‘radim va karavot tagiga qo‘ydim. U dastlab karavot ostidan deyarli chiqmasdi. Endi biz bilan bir yildan beri yashayapti, ancha o‘rganib qoldi. Hozir “qo‘lga” degan komanda uning eng sevimli buyrug‘i», — deydi hayvon egasi.
Bu misol ishonch darhol paydo bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Qo‘rquv yoki og‘ir tajriba bilan yashagan hayvonga bosim o‘tkazish emas, aksincha, unga vaqt, mehr va o‘zini xavfsiz his qiladigan joy berish muhim.
Mehr hayvonning xarakterini o‘zgartira oladi
Uy hayvonlari insonning kayfiyati, ovoz ohangi va munosabatini juda yaxshi sezadi. Doimiy baqiriq, jazo va beparvolik ularda xavotirni kuchaytirishi mumkin. Xotirjam muhit, izchil tarbiya va mehribon munosabat esa hayvonning odamlarga ishonchini oshiradi.
Har bir hayvonning o‘ziga xos xarakteri bor. Ayrimi faol va o‘yinqaroq, boshqasi esa sokin yoki ehtiyotkor bo‘ladi. Uni boshqa hayvonlar bilan taqqoslashdan ko‘ra, uning ehtiyojlari va tabiatini tushunish muhimroq.
Uy hayvonini asrab olish — shunchaki xonadonga it yoki mushuk olib kelish emas. Bu tirik mavjudot uchun mas’uliyatni qabul qilish, unga xavfsiz uy va mehr berish demakdir.
Evaziga esa hayvon insonga samimiy sadoqat, ishonch va shartsiz mehr hadya qiladi.































Izohlar 0
…