12:16 / 23.09.2017
7 493

Omonat g‘or siri (20-qism)

Omonat g‘or siri (20-qism)
Anbar opa g‘alati tush ko‘rdi: kimdir Nargizani tinmay bo‘g‘armish, qizi baqirib, uni yordamga chaqirarmish. Anbar opa yuguray desa, oyog‘i joyidan qimirlamasmish. Bir mahal Nargizani bo‘g‘ayotgan odam ilonga, undan ajdarga, so‘ngra ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan dahshatli maxluqqa aylanarmish. Qizining ovozi borgan sari o‘chib, qo‘llari shalvirab qolayotgan emish… Anbar opa chinqirib yuborib, o‘zining ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. “Yordam… yordam beringlar! Qizimni o‘ldirishayapti… Kim bor?!” O‘ngida baqirdimi, tushidami — bilolmadi. Uy ichi qop-qorong‘i, jimjit. Birgina devor soatning “chiq-chiq”i eshitiladi. Yuragi gursillab urayotgan ayol chaqqon borib chiroqni yoqdi. Hammayoq osoyishta, hech kim yo‘q. “Xayriyat, — biroz o‘ziga keldi u, — tushim ekan. Tong otsin, sadaqa chiqaraman”. Ammo tong otishini xotirjam yotib kutolmadi. Xayoliga bot-bot ko‘rgan tushi kelar, yuragi qinidan chiqquday tipirchilardi. Anbar opa sabri chidamay oshxonaga kirdi-da, kecha kechqurun pishirgan ovqatini isitib, sirli idishga soldi va apil-tapil kiyinib, yo‘lga otlandi.

Shahar hali uyquda, faqat bomdodga turganlar-u zarur ish bilan ko‘chaga chiqqanlar va tirikchilik ilinjida mashinalarida ko‘cha aylanib yurganlargina uyg‘oq edi. Anbar opa bekatda ancha turib qoldi. Yonginasiga kelib to‘xtagan taksilarga bosh chayqab javob berdi. Qo‘yib bersa, Anbar opaning uchib borgisi kelardi, ammo nima qilsin, avtobus kutishdan o‘zga chorasi yo‘q. U ichida shaytonni qarg‘ar, ko‘rgan tushini unutishga, eslamaslikka urinardi.

Nihoyat atrof yorishib qolganda avtobus keldi. Biroz yurib bekatda tushib, yana boshqa avtobusni kutdi. Anbar opa kasalxonaga yetib borganida kun yoyilib ketgandi. Darvoza yonida u yoqdan-bu yoqqa asabiy yurib turgan qorovul Anbar opaga yovqarash qilib, do‘q ohangida so‘radi:

— Qayoqqa borayapsiz?

— O‘g‘limni ko‘rgani kelayapman.

— Kim o‘g‘lingiz?

— Boburjon.

Qorovul sergak tortib, ayolga sinchiklab qaradi. Anbar opa noqulay ahvolga tushdi: “Qarib quyilmagan chol”, xayolidan o‘tdi uning. Qorovul negadir xo‘rsindi, keyin kirishga ruxsat berdi. Anbar opa uning xo‘rsinishini o‘zicha tushunib, uyalganidan qizarib ketdi. Ana shu lahzada ko‘rgan tushi xayolidan chekindi. Ammo kasalxonaga kiraverishda uzun supurgisiga suyanib gap sotayotgan farrosh xotinlarning gaplari qulog‘iga chalindi-yu, hushi boshidan uchdi.

— Anavi avariya bo‘gan bolaning ikkita opasini oqshom betiga chulki kiygan odamlar opqochib ketganmish, — dedi ulardan biri sherigiga vahima bilan.

Avariya bo‘lgan uning o‘g‘li, ikkita opasining biri — Nargiza, ikkinchisi uning dugonasi. Anbar opa farroshlarning yonidan o‘taturib bir necha qadam tashlay oldi, xolos, tuyqus boshi aylanib, ko‘zi tindi. O‘zini tutib turolmay gursillab yerga quladi.

* * *

Baron shotirlari damlari ichiga tushib kutishgan ishni qilmadi. Qo‘lidagi pichoqni stolga qarsillatib urdi, shotirlar hadik bilan ortga tisarilishdi. Yong‘oq daraxtidan yasalgan stol pichoq tugul, boltaga ham dosh berardi, shu bois tig‘ning uchi qayrilib ketib, Baronning kaftini tilib yubordi. Pichoqni tashlab yuborgan to‘daboshi chakillab tomib, stolni qip-qizil rangga bo‘yayotgan qonga termildi. Shotirlar endi xojalarini quturib ketsa kerak, deb o‘ylashdi, ammo kutilmaganda Baron jilmaydi, yigitlarining tashvishli yuzlariga birma-bir nazar tashlab chiqib, kim ichida kulayotgani-yu, kim chindan tashvishlanayotganini ilg‘amoqchi bo‘ldi. Biroq ko‘zlari o‘ynab turgan yigitlarining nima xayoldaligini bilish qiyin edi. Boz ustiga, hozir u birovning ichidagini ko‘zidan bilib oladigan ahvoldamas, boshqa payt bo‘lganida o‘tkir ukki ko‘zlari bilan istagan odamni dovdiratar, uning nigohiga dosh berolmagan odam o‘zini o‘nglab olgunicha ancha-muncha sirini boy berib qo‘yardi.

— Ko‘rdinglarmi? — dedi Baron, — mening qonim oqayapti. Shu paytgacha hech kim mening qonimni oqizolmagan.

U shu gapni aytdi-yu, darhol tilini tishladi: noto‘g‘ri gapirganini angladi. Ammo buni shotirlariga bildirmadi. Chunki yerda dumalab yotgan ikki qiz uning yuzini yulishga ulgurgan, tirnoq izidan qon sizib turardi.

Baron qo‘lining jarohatiga e’tibor qilmay, arang hushiga kelayotgan qizlarning tepasiga kelib xunuk irjaydi. So‘ng o‘girilib shotirlariga:

— Bir yashik aroq keltiringlar, — dedi. Zum o‘tmay bir yashik aroq olib kirishdi. Bu orada Hasan chaqirtirgan xizmatkor qizlar Baronning jarohatini bog‘lab qo‘yishdi. Baron erinmay shishalarning og‘zini bitta-bitta ochib, aroqni qizlarning ustidan quya boshladi. Uning nima qilayotganini hech kim tushunmas, hamma qilt etmay endi nima bo‘larkan, deb kutib turishardi. Baron so‘nggi shishani ham bo‘shatib, stol ustidagi gugurtni qo‘liga oldi.

— Xo‘jayin, — dedi Baronning niyatini darrov fahmlagan Hasan, — balki boshqa jazo qo‘llarmiz. Eslarini kiritib qo‘ysak, keyin ikkoviyam itday xizmatimizni qilardi.

Ammo xojasi uning gapini olmadi. Lolaning tepasiga borib gugurt chaqdi. So‘ng qizning bo‘ynidan qo‘lini o‘tkazib boshini ko‘tardi-da, biroz tikilib qoldi. Agar hozir yonayotgan gugurtni tashlab yuborsa, tamom, qiz kiprik qoqquncha bo‘lmay alanga olar va bir zumda yonib kulga aylanardi. Gugurt donasi sekin-asta yonib, Baronning barmoqlarini kuydira boshladi. Yuragi ro‘y berajak dahshatli manzaradan hapriqqan shotirlardan ba’zilari ko‘zlarini yumib olishdi. Aslida ana shu lo‘li yigitlarning ham Lolaga ko‘ngli bor edi. Baron o‘rtada tog‘day to‘siq bo‘lmaganida, bu go‘zal lo‘li qizga yetishish uchun ular harakat qilishardi. Ammo ko‘ngil deganlari xojaning qahr-g‘azabga yo‘g‘rilgan kuch-qudrati oldida ojiz, keraksiz tuyg‘uga aylanib ketgandi.

Baron barmoqlari orasidagi gugurt cho‘pini tashlab yubordi. Shu dam shotirlaridan kimdir “im-m”, deya ingradi. Tovush shu qadar o‘kinchli chiqdiki, hatto Baron ham qalqib ketdi va yonib tushayotgan gugurt donasini yarador kafti bilan turtib yubordi va iljayib ortiga o‘girildi.

— Xayolimga boshqa narsa keldi, — dedi o‘sha yovuz irjayishini yana bir marta namoyish qilib, — hozir o‘ra qaziysanlar, chuqurligi uch metr bo‘lsin, keyin manavi itlarni, — deya u endigina hushiga kelib, qimirlay boshlagan qizlarni ko‘rsatdi, — uning ichiga tashlab, ko‘p ovqat berasanlar, toki ikkoviyam har yarim soatda hojat qilsin, o‘tirgan joylari sasib ketsin. Ikki haftadan keyin chiqarib olamiz, keyin o‘zim o‘ldiraman ularni. Qani, shundayam birontangning iching achishsin-chi. Terisini qo‘llarim bilan shilib olishimni maza qilib tomosha qilasan hammang.

Tanidagi og‘riq biroz bosilgani bois, Lola Baronning gaplarini eshitdi, biroq ko‘zini ochmadi. Ichida u xursand edi. Nargiza esa, Baronning maqsadini eshitib afti bujmaydi. “Sharmanda bo‘lganimdan ko‘ra hoziroq o‘ldirsin”, xayolidan o‘tdi uning.

Baron yigitlariga topshiriq bergach, burilib to‘g‘ri o‘zining yotog‘iga kirdi va bir shisha muzday pivo ichib, yumshoq o‘rindiqqa cho‘zildi. Shu mahal yotoqqa kirib kelgan ikki nafar sariq sochli oqbadan qizlar unga ikki tarafdan suykala boshladi…

O‘ra zax edi. Nargiza bilan Lolani o‘raga tepadan itarib yuborishdi. Nargiza o‘raga yomon qulab tushdi, ortidan Lolani tashlab yuborishdi.

— Nargizaxon, — dedi Lola oradan ikki soatcha vaqt o‘tib, tong endi-endi bo‘zarib kelayotgan palla. — Niyma qiylamiyz?

— Nima qilardik, — Nargiza xo‘rsindi, — xudo deb yotaveramiz. Biror baxtli tasodif ro‘y berib, zora, omon qolsak. Men o‘zimdan ko‘ra ko‘proq oyijonimni o‘ylayapman. Bechora oyim, mening yo‘qolganimni bilib qolsa, qon bosimi oshib ketadi…

U piqillab yig‘lashga tushdi. Lola dugonasini ohista quchoqladi.

— Bularga nima yomonlik qiluvdim, nima istashadi padaringga la’natlar! — alam bilan dedi Nargiza.

Uning gapira turib yig‘lashidan Lolaning ko‘ngli buzildi. U: “Sen ham mening kasrimga qolding. Baron meni deb seni ham shu ko‘yga soldi”, demoqchi bo‘ldi-yu, ammo ko‘rgiliklar bois qadrdon bo‘lib qolgan qizning battar ezilishini istamadi.

Tong otib, quyosh odam bo‘yi ko‘tarilganda ularga ovqat tushirishdi.

— Kamroq yeganimiz ma’qul, — dedi Nargiza, — tag‘in anavi itlar aytgan ahvolga tushib qolmaylik.

— To‘g‘riy, — uning gapini ma’qulladi Lola.

Ular qo‘l uchida ovqatdan totingan bo‘lishdi, biroq nonni ushatishmadi ham.

Yarim soatcha o‘tib yangi so‘yilgan qo‘y go‘shtidan hil-hil pishgan, oshko‘klar, archa bargi aralashtirib tayyorlangan taom tushirishdi. Ovqatning hidi ishtahani shu qadar qo‘zg‘ardiki, qizlarning og‘zidan suvi keldi. “Nima qilamiz?” degan ma’noda Nargizaga qaradi Lola.

— To‘g‘risi, — miyig‘ida kuldi Nargiza, — boya judayam kam yegan ekanman, qornim rosa ochqab ketdi. Bir bo‘lakdan go‘sht yeyaqolaylik. Qolganini qaytarib yuboramiz. Baribir yarim soatdan keyin yana olib kelishadi.

— Ma-a-yli…

Ular o‘rada shu taxlit kunni kech qilishdi. Dugonalarning baxtiga Baron erta tongda qo‘shni davlatga “ish”larini saranjomlash uchun jo‘nab ketgan, aksincha, ikkita yigitni o‘raga tushirib, qizlarga majburlab ovqat yedirmoqchi edi.

Asta-sekin qorong‘ilik tushib, ko‘kda yulduzlar jimirlay boshladi. Havo etni junjiktiradigan darajada salqin edi. Lekin o‘raning zaxi ortga urib, yer qa’rining isitmasi asiralarni behol qila boshladi. Bu paytga qadar Nargiza onasini eslab bir necha bor yig‘lab oldi.

Qizlarni uyqu endi o‘z domiga tortayotgan mahal o‘raning og‘zida ikki sharpa paydo bo‘ldi. Qizlar hech narsani payqashmadi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (20-qism)