NotebookLM yangilanishi chat orqali manbalar bazasini yaratishga yordam beradi

Google dushanba kuni oʻzining NotebookLM tadqiqot vositasi uchun yirik yangilanishni eʼlon qildi. Ushbu yangilanish doirasida servis Gemini 3.5 modeliga oʻtkazildi va foydalanuvchilarga tadqiqot olib borish hamda turli formatdagi kontentlarni yaratishda koʻmaklashuvchi yangi funksiyalar qoʻshildi. Bu qidiruv tizimlariga dasturlash koʻnikmalarini qoʻshish orqali savol-javob jarayonini yanada qiziqarli qilishga qaratilgan Google strategiyasining bir qismidir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi funksiya yordamida foydalanuvchilar loyiha boʻyicha chatni boshlashlari mumkin va ilova Google Search hamda oʻzining tadqiqot koʻnikmalaridan foydalangan holda turli manbalarni taklif qilib, bilimlar bazasini shakllantirishga yordam beradi. Ilgari NotebookLM foydalanuvchidan tahlil qilish uchun shaxsiy manbalarni yuklashni talab qilar edi. Endilikda tizim boshqa tillardagi birlamchi manbalarni topish yoki tegishli mualliflarning yangi materiallarini qidirishda koʻmaklashadi.
Kompaniyaning taʼkidlashicha, endi foydalanuvchilar NotebookLM uchun turli formatlarda natija olish boʻyicha batafsil koʻrsatmalar berishlari va tayyor boʻlgan natijani tahrirlashlari mumkin. Dastur endilikda maʼlumotlar vizualizatsiyasi (.png, .svg), hujjatlar (PDF, .docx, Markdown), strukturalangan maʼlumotlar (.csv, .json) hamda Microsoft Excel va PowerPoint formatlarida eksport qilishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Shuningdek, NotebookLM endi chat davomida javoblarni qanday shakllantirganini va qaysi bosqichlardan oʻtganini batafsil koʻrsatadi, bu esa foydalanuvchilarga maʼlumotlarning aniqligini tekshirish imkonini beradi. Ushbu yangilanishlar bugundan boshlab Google AI Ultra foydalanuvchilari va Workspace biznes mijozlari uchun ochiq boʻldi, kelgusida esa barcha foydalanuvchilar uchun kengaytirilishi rejalashtirilgan.





























Izohlar 0
…