Rossiyada yangi Esteo MX yoʻltanlamasiga buyurtmalar qabul qilinishi boshlanadi

Rossiyada yangi Esteo MX yoʻltanlamasiga buyurtmalar qabul qilinishi boshlanadi

“AGR” xoldingi Rossiya bozorida yangi premium avtomobil brendi — Esteo haqidagi tafsilotlarni ochiqlashda davom etmoqda. Yaqin vaqt ichida oʻrta oʻlchamli Esteo MX yoʻltanlamasining debyuti boʻlib oʻtadi va brend ushbu model uchun oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshlaydi. Avtomobil xaridorlarga “Premium” va “Flagman” komplektatsiyalarida taqdim etiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yangi model kapoti ostida 197 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbodvigatel joylashgan boʻlib, u 8 pogʻonali avtomat uzatmalar qutisi va toʻliq uzatmali (AWD) tizim bilan hamkorlikda ishlaydi. Avtomobilning yoqilgʻi sarfi aralash siklda 100 km uchun 9,2 litrni tashkil etadi, klirens esa 200 mm ga teng. Korroziyadan himoya qilish maqsadida barcha kuzov panellari toʻliq ruxlangan (sinklangan).

Esteo MX tashqi koʻrinishi uchun uch xil rang — oq “Astrum”, qora “Sagittarius” va kulrang “Phantom” taklif etiladi. Salon jigarrang yoki qora ranglarda bezatilishi mumkin. Komplektatsiyaga qarab avtomobil 19 yoki 20 dyuymli gʻildirak disklari bilan jihozlanadi. Mashinaning svetodiodli optikasi jami 472 ta elementdan iborat.

Interyerda raqamli zonalarga ajratish konsepsiyasi amalga oshirilgan boʻlib, yoʻlovchi uchun alohida mustaqil displey oʻrnatilgan. Iqlim nazoratini boshqarish uchun jismoniy tugmalar saqlab qolingan, haydovchi oʻrindigʻi esa intensivligi sozlanadigan koʻp zonali massaj funksiyasiga ega. Boya Melody audiotizimi shtatli sabvufer va 14 yoki 21 ta dinamik bilan taʼminlangan.

Xavfsizlik tizimi adaptiv kruiz-kontrol, boʻlakda ushlab turish tizimi, avtomatik favqulodda tormozlanish va boshqa koʻplab elektron yordamchilarni oʻz ichiga oladi. Ushbu texnologik yechimlar haydovchi va yoʻlovchilar uchun maksimal qulaylik va xavfsizlikni kafolatlaydi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar