01:27 / 28.10.2018
11 421

Bir kechalik kelinchak… (5-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (5-qism. Birinchi fasl)
Mahalla Toshtemirlarnikidan ancha olisda, har holda bahavo joyda edi. Shu kuni ular birinchi marta narkotikni shprits orqali tatib ko‘rishdi. Har safar o‘zlari sotib oladigan odam maslahat berib qoldi. Sal qimmatroq ekan-u, ammo burunga tiqib hidlashdan ko‘ra yaxshi kayf berarkan… Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, kayfi taranglashgan Toshtemirning niyati buzildi. Qanday bo‘lmasin, Nodirni «o‘chirish»-u, yangi kelinning mazasini totib ko‘rgisi keldi.

«Eng asosiysi, kelin ko‘nsa bas. — xayolidan o‘tkazdi u anhorning chetida dumalab yotgancha kayf surayotgan do‘sti tomonga ko‘z qirini tashlab. — Ishni birpasda hal qilib tashlayman… E, o‘libdimi ko‘nmay. O‘ziyam shunga tekkanlariga pushaymon bo‘lib ichi qizib yurgandir… Hozir… Butkul o‘chiraman bu hezalakni…»

— Og‘ayni, qani, sal o‘rningdan turgin!.. — Toshtemir Nodirni arang o‘rnidan qo‘zg‘atib, cho‘ntagidagi ikkinchi shpritsni oldi-da, uning bilagiga to‘g‘riladi. — Kel, mana shuniyam yuborvora qolay! Bir maza qilsang qilgin, og‘ayni!..

— E, n-nima qilyapsan, Tosh?.. B-bu axir ko‘payib ketadi-ku!..

— Iye, qiziqmisan?.. Shu gapni sen aytishing g‘alati… Shunchadan beri bundanam ko‘plarini totib kelganmiz-ku!.. Namuncha quyonyurak bo‘lmasang?.. Men senga o‘zimga opqo‘yganimni beryapman… Qiziqsan-a, seni bugun bi-ir mehmon qilay desam…

Toshtemir hash-pash deguncha, shpritsdagi og‘uni Nodirning tomiriga jo‘natdi. So‘ngra uni yana joyiga yotqizib, o‘zi yo‘lga otlandi…

— Sen shu yerda o‘tirib turgin, — dedi cho‘zilib yotgan Nodirning yelkasiga qoqib. — Men chopib uydan xabar olib kelaman…

Nodir kayf orasida kula-kula, ko‘zlarini yumdi…

Toshtemir ko‘rdiki, Nodir o‘cha boshladi… Kun ham shomga yaqinlab qoldi. Agar uyidagilarga sezdirmay ichkariga kirib olsa, marra uniki…

U tavakkal yo‘lga tushdi…

* * *
Shu kuni mahallada to‘y edi. Farzinisa aya ham to dasturxonini tayyorlaguncha shom bo‘ldi. Keliniga indamay qo‘ya qolgandi. To‘g‘risi, bo‘lib o‘tgan ishlardan keyin erining ham, o‘zining ham tili qisiq. Nasibaning ketib qolishidan, mahallada gap-so‘z tarqalishidan juda qo‘rqishadi. Shuning uchun ortiqcha urintirgisi kelmay, o‘zi pishir-kuydir qildi. Qancha qo‘lidan ishini olishga urinmasin, keliniga faqat yonida gaplashib turishgagina ruxsat berdi. Balki shu bahonada chigali yozilar deb umid qildi…

Nihoyat hammasi tayyor bo‘ldi. Qatlama somsalar tog‘oraga joylanib, oppoq dasturxonga o‘raldi, orasiga bir kiyimlik mato qo‘shib qo‘yildi…

Nozim aka allaqachon to‘yxonaga ketib bo‘lgandi.

— Qo‘shnining qizini chaqirib beraymi sheriklikka? — Nasibaga ma’yus tikilib so‘radi Farzinisa aya.

— Yo‘q, kerakmas… Hali zamon o‘g‘lingiz kep qolar…

— Bo‘lmasa, yuring men bilan. To‘yni ko‘rib kelasiz… O‘tirasizmi bu yerda bir o‘zingiz… Negadir yuragim g‘ash-da, qizim!..

Nasiba unamadi.

Qaynonaning qistashlariga bosh egibgina rad javobini berdi…

Nasiba yana kelinlik uyiga kirdi. Uy qanchalar jilodor, yaxshi ta’mirlangan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘zlariga zindondek ko‘rinardi. Shu uyda bir umr yashab qolishiga, haqiqatan bekalik qila olishiga sira ko‘zi yetmasdi…

— Qanday kunlarga qoldim-a! — ko‘zlari achchiq yoshga to‘lib, yig‘i aralash shivirladi. — Hammaning oldida sharmandai sharmisor bo‘laman endi… Gunohim nima edi?.. Narkoman bo‘lsayam mayliydi, kasali-chi?.. Nega oldin surishtirib ko‘rmadim?.. Tavba-a!.. Kelib-kelib kasalgayam tegamanmi?.. Eh, oyim-a, oyim!.. Meni butkul baxtsiz, yuzi qaro qilib qo‘ydi oyim… Endi nima qilay, Xudoyim?.. Kimga borib yig‘lay?.. Kimdan maslahat so‘ray?..

Shu tobda xona eshigi ohista ochilgandek bo‘ldi. Nasiba seskanib orqasiga o‘girildi. Ostonada erining yaqin o‘rtog‘i Toshtemir ko‘zlari olma terib turar, nuqul atrofga alanglardi. Nasiba qo‘rqib ketdi. Uyda hech kim yo‘q bo‘lsa, allaqachon qorong‘i tushgan… Nega bu odam kech kirganda bir o‘zi kirib keldi? Eshikni taqillatmadiyam. Hovlida turib har gal erining ismini aytib chaqirardi-ku!..

— Sizga kim kerak?.. — salomlashishni ham unutib qo‘rquv aralash so‘radi Nasiba…

Ko‘zlari ostidagi yong‘oqchalari osilib tushgan, ozg‘in, yuzlarini husnbuzar bosgan Toshtemir hech kim yo‘qligiga amin bo‘ldi va sekin ichkariga o‘tdi-da, eshikni yopdi.

— Iye, nima qilyapsiz?.. — Nasiba jonholatda uy burchiga borib turib oldi. — Chiqing uydan!.. Hozir baqiraman!..

— Men senga yordam bergani keldim, opoq qiz!.. — sovuq tirjaydi Toshtemir. — Eshitishimcha, qiynalib yurganmishsan… Ering… anavinaqa ekan… Kel, o‘zim seni hamma tashvishlardan xalos qilaman!..

Toshtemir Nasibaning titrab-qaqshab yig‘layotganiga e’tibor bermay, burchakka yaqin bordi-da, mahkam quchoqlab oldi…

— Qo‘yvor meni!.. Voy-dod!..

Toshtemir uni quchoqlab bir-ikki o‘pishga ulgurdi, xolos. Nasibaning bor ovozda baqirishi uni hushiga keltirdi. Hozir kimdir kelib qolsa, nimalar bo‘lishini tasavvur qilib, harsillagancha o‘zini tashqariga urdi…

Nasiba esa, ancha vaqtgacha qaltirab, hatto, dahlizga chiqishga ham qo‘rqib deraza qarshisida turib qoldi. Aksiga olgandek, na qaynonasi, na Nodir kela qoldi uyga…

— Iflos!.. — sal o‘zini tutib olgach, shosha-pisha narsalarini yig‘ishtira boshladi Nasiba. — Shuyam erkakmi?.. Buni o‘shaning o‘zi yuborgan… Narkoman, iflos!.. Shunchalik pastkashligini bilmagan ekanman… Hali men shu iflos joyda yasharkanmanmi? Hali men shunchalik oyoqosti ekanmanmi?.. Yashab bo‘pman!.. Ana, uying boshingda qolsin!.. Xudoyo bir umr tuzalmagin!.. Xudo joningni olsin!..

U qo‘liga ilingan mayda-chuyda narsalarini sumkachaga joylab katta ko‘chaga chiqdi. Ketishdan avval hovli tomonga sovuq nazar tashlab oldi. Shu lahzalarda bu omonat uy ko‘ziga juda yomon ko‘rinib ketdi. Darvozaga bir marta tufladi-da, avtobus bekati tarafga yugurib ketdi.

* * *
Nodir ulfati ketgach, ma’lum muddat vaqt o‘tib asta o‘rnidan turdi. U o‘tirgan anhor bo‘yi katta ko‘chadan uzoqroq bo‘lgani sabab deyarli hech kim ko‘rinmasdi…

Negadir ko‘ngli g‘alati bo‘lib yana maysa ustiga cho‘zildi…

Oradan besh-olti soniya o‘tdi yo o‘tmadi. Birdan a’zoyi badani yonib, nafas olishi qiyinlasha boshladi. Ko‘zlari katta-katta ochilib, qo‘llari bilan maysani mahkam g‘ijimlab oldi… Bu holat tobora kuchayib borardi…

Nodir baqirmoqchi bo‘ldi. Ovozi chiqmadi… Inqillay-inqillay, ancha yergacha yumalab bordi. Kuyib borayotgan yuzlarini muzdek maysaga ishqalab ko‘rdi… Kor qilmadi…

Shu taxlit chamasi besh daqiqalar ovora bo‘ldi… Birdan boshi aylanib, ko‘ngli aynidi. Lekin qusa olmadi. O‘qchiy-o‘qchiy hushini yo‘qotdi…

Nodirning jasadini yarim kechada shu yerdan o‘tib ketayotgan mahalla imomi ko‘rib qoldi va tezda mahalladagilarni yig‘ib, jasad egasining kimligini surishtira ketdi…

Kimdir «Tez yordam» chaqirdi. Yetib kelgan vrachlar Nodirning murdasini o‘likxonaga olib ketishdi…

* * *
Nasiba uyiga kelib onasining tergab, siltashlariga qaramay, xonasiga kirib oldi. Yuragi hanuz bezovta urardi. Xuddi shu tobda Toshtemir xonasiga bostirib kirib keladi-yu, tappa bosib qoladigandek derazadan ko‘z uzolmasdi…

Nafosat ayaning jon-poni chiqayozdi. Qizining yoniga kirib qancha zo‘rlamasin, Nasiba bir og‘iz gapirmas, nuqul yig‘lardi. Qizidan bir og‘iz so‘z ololmagan ona oxiri «Eri xafa qilibdi shekilli», degan xayolda tong otishini kutishga ahd qildi.

Ortiq qizini bezovta qilmadi…

Soat chamasi beshlar bor edi. Yoz bo‘lgani sabab allaqachon yerga yorug‘ tushib, hammayoq qushlarning chug‘ur-chug‘uriga to‘lgan payt. Nafosat aya tahorat olib bomdodni o‘qigach, sekin darvozani ochish ilinjida ko‘cha tarafga qarab yurdi. Shu payt darvoza bezovta taraqlay boshladi. Nafosat aya shosha-pisha zulfinni sug‘urdi. Ostonada qudalari Farzinisa aya va Nozim akalar rangi-quti o‘chib turishardi.

— Ha, tinchlikmi? Kelinglar!.. — dedi Nafosat aya.

— Qani Nasiba… — baqirdi Nozim aka harsillab.

— Nima gap? Tinchlikmi o‘zi?..

— U o‘g‘limni o‘ldirib qochgan!.. Eshitdingizmi, Nodirimni o‘ldirib qochgan!!!

— Nima?.. Og‘zingizga qarab gapiring!.. Nima deyapsiz?..

— O‘g‘lim yo‘q endi, tushundingizmi?.. U yo‘-o‘q!.. — Nozim akaning yig‘lay boshlaganini eshitib, Farzinisa aya ham unga jo‘r bo‘ldi…

— Men ne niyatlarda kelin olsam-u… Yo‘q, men bilmayman, toping qizingizni!.. Bo‘lmasa… Uyingizga o‘t qo‘yib ketaman!.. Qani u megajin?.. Bittagina bolamni boshiga yetgan qonxo‘r qani?..

Baqir-chaqirni eshitib bir-ikki qo‘shnilar ham darvozalaridan mo‘ralab qo‘yishdi. Nafosat aya yuragi hovliqib nima deyishni, qanday yo‘l tutishni bilmay qoldi… Bu xabar haqiqatan boshiga kimdir gurzi bilan urgan kabi onani dovdiratib qo‘ygandi…

— Kelinglar, ichkariga kiringlar! — dedi telbalarcha hovli aylanib chopayotgan Nozim akaga. — Qizim shu yerda.. — Lekin nimaga kelganini aytmadi…

Qudalar jonholatda o‘zlarini ichkariga urishdi.

Bu orada Nasibaning o‘zi hovliga chiqib qoldi. Chiqdi-yu, qaynona-qaynotasini ko‘rib turgan yerida qotib qoldi. Keliniga ko‘zi tushgan Farzinisa aya dast o‘rnidan turib Nasibaning yoqasidan oldi.

— Bolamni topib ber, qanjiq!.. Nodirimni topib ber!..

— Qo‘lingizni torting!.. — deya qaynonaning qo‘llarini siltab tashladi Nasiba hech narsaga tushunmay. — Bolangiz boshingizda qolsin!..

— Vey, megajin, Nodirni nimaga o‘ldirding?.. Nima qasding bor edi?

— Nima?.. — Nasiba bu gapni eshitib, turgan yerida qotib qoldi. — Bu… n-nima deganingiz?..

— Bolamni nimaga o‘ldirding deb so‘rayapman!.. — titrab-qaqshab Nasibaga yaqin bordi qaynona. — Ayt, bo‘lmasa, hoziroq mana shu qo‘llarimminan bo‘g‘ib o‘ldiraman seniyam!..

— M-men… Nimaga o‘ldiraman uni?.. — Nasiba beixtiyor o‘kirib yig‘lab yubordi. — O‘sha o‘g‘lingiz meni o‘rtog‘iga qo‘shib bermoqchi bo‘libdi-ku!.. O‘zi kelmay, yonimga o‘rtog‘ini kiritib yuboribdi-ku!..

Nasiba shu so‘zlarnigina ayta oldi. Negadir boshi aylanib yonida qaltirab turgan Nafosat ayaning yelkasiga osilib qoldi.

— Voy, bolam, senga nima bo‘ldi?.. Voy, Xudoyim, ko‘zingni och, Nasiba!.. Nimaga qarab turibsizlar? Ko‘tarishib yuborsalaring-chi!..

Nozim aka ham, Farzinisa aya ham Nasibaning gaplaridan so‘ng muz terga tushib, shumshaygancha bir-birlariga qarab qolishgandi… Qudaning chaqirig‘i ularni sergak torttirdi. Darrov Nasibani ko‘tarishib ichkariga olib kirishdi. Suv sepib o‘ziga keltirishdi. Lekin ko‘zlari ochiq bo‘lsa-da, Nasiba bemajol edi.

— Qizim, — so‘radi Nozim aka hanuz o‘zini yig‘idan to‘xtata olmay. — Kim sizning yoningizga kirdi? Nimaga kiradi?

Nasiba bir muddat ko‘zlarini yumib oldi. Nodirning o‘limi haqidagi xabar uni ham butkul hushdan og‘dirayozgandi…

— O‘rtog‘i Tosh… temir kirdi. — deya oldi zo‘rg‘a hanuz ko‘zlarini ochmay. — Zo‘rlamoqchi bo‘ldi… Endi n-nima qilaman, oyijon?.. Bu ko‘rguliklarga qanday chidayman?..

— Nima?.. Hali shunaqami?.. — Nozim aka kutilmaganda dast o‘rnidan turdi. — Hali o‘sha mishiqi shunday qildimi?.. Onasi, tur, ketamiz!.. O‘g‘limni o‘sha o‘ldirgan, ha, o‘sha o‘ldirgan!.. Hoziroq topaman u marazni!.. Quda, kechiringlar! Sizlarning oldingizda yana aybli bo‘lib qoldik… Lekin… Bizniyam tushuning!.. Bittagina o‘g‘limdan ayrilib o‘tiribman… Boringlar, boringlar!..

Er-xotin qanday kelgan bo‘lsa, shunday shiddat bilan hovlini takr etdi. Ular chiqib ketgandan keyingina Nafosat aya sal o‘ziga kelib dod degancha qizini mahkam quchoqlab oldi…
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (5-qism. Birinchi fasl)