Mercedes-Benz GLC elektr krossoveri Xitoyda 422 ot kuchi bilan sotuvga chiqdi

Mercedes-Benz kompaniyasi Xitoyda butunlay yangi elektrlashtirilgan GLC modeliga oldindan buyurtma olishni boshladi. Yangi krossoverning boshlangʻich narxi 349 000 yuanni tashkil etadi. Shu bilan birga, kompaniya ushbu modelni Xitoydagi zavodlarida seriyali ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganini rasman eʼlon qildi. Avtomobil MB.EA platformasida qurilgan boʻlib, zamonaviy 800 voltli arxitekturaga ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Elektromobilning tashqi koʻrinishi Mercedes-Benz brendining oʻziga xos uslubida ishlangan. Uning asosiy ajralib turuvchi jihati 942 ta svetodiodli elementdan iborat yorugʻlik taratuvchi radiator panjarasidir. Farlarda Micro LED texnologiyasidan foydalanilgan, kunduzgi chiroqlar esa brend logotipi shaklida ishlangan. Avtomobilning gʻildirak bazasi 3027 mm ni tashkil etib, u benzinli GLC L modelidan 107 mm ga uzunroqdir.
Salonning markaziy qismidan 39,1 dyuymli ulkan MBUX Hyperscreen displeyi oʻrin olgan. Yangi MB.OS operatsion tizimi Doubao sunʼiy intellektiga asoslangan virtual yordamchi bilan jihozlangan. Shuningdek, interyerda Dolby Atmos tizimiga ega Burmester audiotizimi, 64 xil rangli atmosfera yoritgichi va 9 ta zonali elektro xrom qoraytirish funksiyasiga ega panoramali tom mavjud.
Texnik jihatdan GLC 350 L 4MATIC flagman versiyasi 310 kW (422 ot kuchi) quvvatga ega ikkita elektr motor bilan jihozlangan. 85,5 kW/soat sigʻimli akkumulyator CLTC sikli boʻyicha 703 km masofani bosib oʻtish imkonini beradi. Tezkor quvvatlash orqali batareyani 10 foizdan 80 foizgacha atigi 22 daqiqada toʻldirish mumkin.
Krossover Mercedes-Benz S-Class modelidan olingan ADS+ texnologiyasiga ega AIRMATIC pnevmatik osmasi bilan taʼminlangan. Bu tizim yoʻl sharoitiga qarab klirens va amortizatorlar qattiqligini avtomatik sozlaydi. Shuningdek, avtomobil orqa gʻildiraklarning 4,5 darajagacha burilishini taʼminlovchi boshqaruv tizimi va Momenta avtonom haydash majmuasi bilan jihozlangan.





























Izohlar 0
…