11:43 / 21.12.2019
3 852

Ikkining ikkinchisi

Ikkining ikkinchisi
"Sevgi bo‘lsa, ishq bor,
Ishq bo‘lsa, ruh bor.
Ruh bo‘lsa, sir bor.
Sir bo‘lsa, nur haqdir.
Nur bo‘lsa, unga yetishish muqarrardir".
Makkaning issiq xaroratidan keyin olti kecha kunduzdan buyon davom etayotgan uzun yo‘llar...

Ko‘zlar uyqusizlikdan qizarib ketgan, mayli, shunday bo‘laqolsin, Muhammadning qadamlari tekkan tuproq hidini his qilganimda bu qiyinchiliklarning bari o‘tib ketadi, - deya o‘z o‘ziga tasalli berib, Oisha onamiz yo‘lda davom etardi. Bir oy avval Umra qilish niyatida Makkaga kelgandi, shunday bo‘lsa-da, xayoli otasi – Xalifa Abu Bakrda edi. Ularning roziligini olib, Madinadan chiqar vaqtida otasini holsiz, bemajol ko‘rib "Otajon, tobingiz yo‘qqa o‘xshaydi. Xohlasangiz, Umrani keyinroqqa qoldirib, onam bilan sizga qarardim"- dedi.
"Yo‘q, Oishai Humayram, xavotirli joyi yo‘q. Tavof qilar vaqtingda bu keksa otangni-da duo qil. Ka’baga salomimizni yetkaz".
Otasining bu javobidan Oisha biroz bo‘lsa-da, taskin topgandi.

Xurmolar to‘kilib, tuproqqa qorishib yotardi. Peshinning nam havosidan sarg‘aya boshlagan yaproqlarning uchishini Xalifa Abu Bakr mahzun tomosha qilar edi. Bu xorg‘in qumlar chala qolgan vidolashuvni eslatardi. Bu Madinaning tog‘lari suyukli payg‘ambarining oyoq izlarini qumlar aro yo‘q bo‘lib ketmasligini istardi. Uning so‘lg‘in boqishlari anavi tog‘larda, tog‘larning cho‘qqisida bo‘lsa-da, xayollari Uhudda edi.
O‘lganiga hamon ishonolmayotgan bir suyukliging bor, aqling xodisaga to‘g‘ri yondoshadi, ammo yuragingga buyruq bera olmaysan. Yoshli ko‘zlaring bilan qadami yetgan yerlardan uning izlarini qidirasan, go‘yoki birozdan so‘ng qarshingda paydo bo‘ladigandek, yo‘llariga ko‘z tikasan.

Abu Bakrning qarashlari huddi shunday taraddudda edi. Ichidan daryo misol toshgan ko‘zyoshlari tepaliklarni ko‘rishga to‘sqinlik qildi. Barmoqlari bilan ko‘zlarini artdi, so‘ngra o‘ng qo‘lining ikki barmog‘i bilan lablarining chetini artdi. So‘ngi vaqtlarda og‘zidan tupugiga qo‘shilib qon tomchilari ham ko‘rina boshlagan, to‘xtovsiz yo‘talardi. Oyoq tovushlarini eshitib, og‘zi atrofini yaxshilab artdi, o‘zini tuzatdi. O‘girilib qarab, uy bo‘sag‘asiga qadam qo‘ygan odam qizi Oisha ekanligini ko‘rdi. Tabassum bilan turib, u tomonga yuzlandi. Ota-bola quchoqlashib so‘rashdilar.
"Xush kelding, qizim. Ammo biror haftalardan keyin kelasan, deb o‘ylagandim".
"Xush ko‘rdik, otajon. To‘g‘ri, ertaroq qaytishga qaror qildim. Oxirgi kunlarda tavofda Ka’baning qora toshlariga qaradim deguncha sizning Qur’on o‘qiyotgan so‘lg‘in yuzingiz gavdalanaverdi. Otamning menga ehtiyojlari borga o‘xshaydi, deya ziyoratimni qisqartirdim. Onam qayerdalar?"

"U ukang Muhammad bilan Suffa xonamdagi muhrimni olgani ketdi. Bir necha kundan buyon xalifalik ishlarini uyda bajaryapman. Ba’zi shaharlarga maktub yozishim kerak, yana ummatlarga ham..."
Bu so‘zlarni u bazo‘r, to‘xtab-to‘xtab gapirardi. Yo‘tali tutib, so‘zini oxirigacha gapirolmay qoldi, qo‘li bilan suv meshkobni ko‘rsatdi. Oisha Marva tog‘idan o‘z qo‘li bilan to‘ldirib, Makkadan keltirgan meshkobdan otasiga zam-zam quyib berdi. Otasining qo‘llari qaltirayotganini ko‘rib, o‘krab yuborishdan o‘zini bazo‘r tiydi, u otasini yanada yomon ahvolga tushirib qo‘yishni istamadi.
"Sizga tabib chaqiraylik..."
"Tabib tekshirdi".
"U nima dedi? Biror tavsiya berdimi?"

"Tabibning tavsiyasi sevgilisiga sodiq bo‘lgan, O‘zi yaratgan, Uning huzuriga yana qaytishga tayyor turish kerak (inna lillahi va inna ilayhi roji’un) deyish bo‘ldi xalos".
Oisha yig‘lay boshladi. Otasi qizining qo‘lidan tutdi:
"Kel, qizim, o‘tirib olay, ham qizim dam olsin, ham men qizimni tinglayin".
Abu Bakr qizi uning bu holatidan yanada qayg‘urmasligi uchun o‘zini tetik tutdi. Oisha esa otasining bu harakatlari uni xavotirga qo‘ymaslik uchun ekanligini bilib turardi. Oisha gapirdi, ota tingladi. Oisha otasi uning gaplarini anglamayotganini sezib turardi, uning hayoli boshqa taraflarda edi. Abu Bakr qizi ham tushuna oladigan darajada uzoqlarga termulib, chuqur o‘ylar ichida, bulut kabi sof va sassiz edi...
"Nimani o‘ylayapsiz, otajonim?"
"Sog‘inch va xavotir".
"Nimaning sog‘inchi, nimaning xavotiri?"
"Uni juda sog‘indim, qizim"- deganda ovozi tirab ketdi, nafas olarkan, ichidan shaldirashmi, g‘uvillashgami o‘xshash ovozlar chiqardi. Zam-zamdan bir qultum ichib olgach, so‘zida davom etdi:

"Xavotirimga kelsak, Habibimning: "Mening butun xavotirim va qayg‘um ortimda qolayotgan ummatimdir" - deganlarini eslayapman. Uning omonatiga loyiq bo‘lmasam-da, mana shu mas’uliyatni menga yukladilar. Hozir men ham ummat uchun qayg‘uryapman, o‘zimdan so‘ng ularni kimga omonat qoldiraman?"
"Umar Xattob – siz ko‘zlagan odam".
"Men ham shunday fikrdaman, kecha uni chaqirib, vasiyatimga yozganlarimni berdim. Bir so‘z ham demadi: na ha dedi va na yo‘q. Hali uni rozi qilib ulgurmasimdan, buni eshitgan ba’zi do‘stlar "Umar bo‘lmaydi, u jahli tez, qattiq inson"- dedilar. Boshqaruvni u eplay olmaydi, yumshrq, muloyimroq biror kishini top, dedilar".
"Siz ularga nima deb javob berdingiz, otajon?"
"Balki Umarning achchig‘i tezdir, biroq boshqaruv mas’uliyati uni yumshatadi, keyin esa, o‘zimdan so‘ng Umarni sizlarga xalifa qilib tayinladim, deya xat yozdirib, topshirdim. Buni keyinroq ummatga tushuntirib beradi".
"Juda ham to‘g‘ri ish tutibsiz, otajon".
Qizining qo‘llarini kaftlari bilan maxkam tutib olgan ota uning manglayidan o‘parkan: "Otangni ko‘nglini xotirjam qilding, qizim, uni so‘nggi bor yana bir xursand qilishni xohlaysanmi?" dedi.
"So‘nggi borami?! Umr bo‘yi xizmatingizdaman, so‘nggi degan bu so‘zingizga aqlim yetmayapti. Otajonim, men bilmagan biror narsa bormi? Siz har bir narsani Humayrongiz bilan baham ko‘rardingiz-ku?!"
Xalifa Abu Bakr jim qoldi, mahzunligini so‘lg‘in yuzi ostiga yashirayotgandek, sukut saqladi.
"Qiziq, otaning Humayrosidan istayotgani bu mamnuniyat nima ekan-a?!"
"Sen ham mening qizim, ham Payg‘ambarimizning menga qoldirgan omonatisan, shu bilan birga, mo‘minlarning onasisan. Qizimdan istaganim boshqa. Mo‘minlarning onasidan istaganim esa, yana boshqa bir narsadir. Qizimdan istaganim – Rasululloh omonatini topshirish vaqtida boshi sening tizzalaring ustida edi, otang ham bu kecha boshini qizining tizzalari ustiga qo‘yib uxlashni istaydi".
Ikki kundan buyon qayg‘u va alamli ko‘z yoshlar ichidagi Oishai Humayroning yuzlari birinchi bor kulimsiradi va dedi:
"Otajonim, ham tizzamda uxlataman, ham yoshligimdagi kabi, soqolingizni silab o‘tiraman. Keyingi istagingiz nima?"
"Istak emas, izndir qizim. Buni bir necha kundan so‘ng aytaman, Inshaalloh".
Shu kecha qo‘li qizining kaftlarida, boshi qizining tizzalarida, o‘tmishga qaytib, umrining sarhisobiga sho‘ng‘idi Xalifa Abu Bakr...

Nashrga tayyorlanayotgan “Rizvon yulduzlari” kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ikkining ikkinchisi